18:13 / 08.07.2020
4497

«O‘zbekistonning ma'muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risidagi qonunning 15ta moddasi turli sabablarga ko‘ra o‘z kuchini yo‘qotgan» – Senat

Bugungacha «O‘zbekiston Respublikasining ma'muriy-hududiy tuzilish masalalarini hal etish tartibi to‘g‘risida»gi qonunning 15 ta moddasi turli sabablarga ko‘ra o‘z kuchini yo‘qotgan. Bu haqda 8 iyul kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z bordi.

Foto: senat.uz

Ishchi guruhi yig‘ilishida 1996 yilda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining ma'muriy-hududiy tuzilish masalalarini hal etish tartibi to‘g‘risida»gi qonun O‘zbekiston Respublikasida ma'muriy-hududiy tuzilish masalalarini tizimli hal etishni ta'minlay olmasligi, qolaversa, O‘zbekiston Respublikasida ma'muriy-hududiy tuzilish masalalari bo‘yicha takliflarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish tartib-taomillari ishlab chiqilmagan va tartibga solinmagani, bu esa o‘z navbatida mazkur masalalarda chuqur tahlil qilinmagan qarorlarning qabul qilinishiga zamin yaratib kelayotgani qayd etilgan.

«Amaldagi qonunda davlat hokimiyat va boshqaruv organlarining vakolatlari va vazifalari aniq belgilab berilmagan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi normalar belgilanmagan. Muhokama qilingan mazkur yangi qonun bir qator muhim asosiy qoidalarning mavjudligi bilan ajralib turadi. Xususan, unda hududiy tuzilish masalalari bo‘yicha qaror qabul qilishda davlat organlarining vakolatlari va vazifalari aniq belgilab qo‘yilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasida ma'muriy-hududiy tuzilishi masalalari bo‘yicha takliflarni davlat ekspertizasidan o‘tkazish mexanizmlari o‘rnatilib, mazkur masalalarda maxsus komissiyalar tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish huquqiy normalar asosida belgilanmoqda.

Shuningdek, majlisda ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasining ma'muriy-hududiy tuzilish masalalari bilan bog‘liq munosabatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi normalar orqali qonuniy tartibga solishga xizmat qilishi ta'kidlandi», deyiladi Senat axborot xizmatining xabarida.

Top