19:55 / 08.07.2020
7772
Navoiyda koronavirusdan vafot etgan bemor haqidagi ma'lumot nega kechikkaniga izoh berildi

Respublika ixtisoslashtirilgan Endokrionologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Anvar Olimovning so‘zlariga ko‘ra, Maxsus komissiyaning qarori bo‘yicha 5 iyulgacha bo‘lgan muddatda har bir kasallikning tashxisini tasdiqlash Toshkent shahridagi referens laboratoriyadan o‘tmagunicha ro‘yxatga olinmagan. Ro‘yxatga olinganlarning tuzalganidan so‘ng tahlili xuddi shu laboratoriyalarda tasdiqlanmagunicha kasallar ro‘yxatidan chiqarilmagan.

«5 iyuldan maxsus komissiya qarori bilan koronavirus tashxisini tasdiqlash uchun viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi rahbariga PZR apparati javobiga qarab, tashxis qo‘yish vakolati berildi. Kasallarning tuzalish holatiga qarab, sog‘ayganlar ro‘yxatiga kiritish ham viloyat vakolatiga o‘tkazildi.

To‘g‘ri, shu 2 kun ichida Navoiy viloyatida qayd etilgan o‘lim holatini e'lon qilish kechikdi. Chunki Zarafshon shahridagi PZR apparatiga tahlil natijalari asosida ham tashxislarni tasdiqlash imkoni mavjud bo‘ldi.

Bundan tashqari, 2 kun ichida Navoiy viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazining rahbari ham almashdi. Shuning uchun statistikani e'lon qilishda kechikish kuzatildi», dedi Anvar Olimov shu haqdagi savolga javoban.

SSV qoshidagi shtab a'zosi Habibullo Oqilov koronavirusdan vafot etayotgani e'lon qilinayotganlarning hammasi faqat virus tufayli vafot etmayotganini qo‘shimcha qildi.

«Aynan soppa-sog‘ odam koronavirus yuqtirib olib, shu tufayli vafot etganlar 3-4 nafardan oshmadi. Vafot etayotganlarning aksari surunkali kasalliklari bor, ortiqcha vaznli yoki endokrinologik muammolari, qandli diabet kabi kasalliklari bor kishilardan iborat. Ular virus yuqtirib, infarkt yoki boshqa tashxis bilan vafot etishmoqda.

Yana bir holat borki, infarkt tufayli vafot etgan bemordan virusga ham tahlil olinishi va uning natijasi chiqquncha vaqt o‘tishi mumkin», dedi Habibullo Oqilov.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda 6 iyul kuni Navoiyda koronavirus bemorlaridan biri vafot etgani haqida xabar tarqaldi. Ko‘p o‘tmay Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov viloyat aholisiga murojaatida bu ma'lumotni tasdiqladi. 7 iyul kuni viloyat hokimligi matbuot xizmati ushbu o‘lim haqida rasman xabar berdi. Bu xabar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan kun oxiriga borib tasdiqlandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top