16:46 / 08.07.2020
22904
«O‘zbekiston hali koronavirus cho‘qqisidan o‘tgani yo‘q» – Habibulla Oqilov

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi, professor Habibulla Oqilov AOKAda o‘tkazilgan brifingda O‘zbekistonda koronavirus avj olsa, dori-darmon va tibbiy vositalar taqchilligi yuzaga kelishi ehtimoli haqidagi savolga javob berdi.

«Koronavirusning kirib kelishiga birorta davlat tayyor emasdi. Dastlab dorilar taqchilligi barcha davlatlarda, shu bilan birga, O‘zbekistonda ham kuzatildi. Kombinezon, niqob, qo‘lqoplar yetishmadi, ular Rossiyadan, Xitoydan olib kelindi.

Ammo keyinroq O‘zbekistondagi o‘rta va kichik biznes sub'yektlari o‘z faoliyat yo‘nalishlarini o‘zgartirgan holda, niqob, qo‘lqop, ko‘zoynak, kombinezon va boshqa barcha kerakli vositalarni ishlab chiqarishni boshladi. Hozir kerakli tibbiy vositalar nafaqat yetarli darajada ishlab chiqarilyapti, balki ularni yon-atrofdagi davlatlarga sotish yoki ijtimoiy yordam sifatida yetkazib berish imkoni mavjud», deydi u.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Anvar Alimov hozirda kasallik simptomsiz kechayotgan bemorlarning 35 foizi uy sharoitida davolanayotgani, bunday bemorlar uchun oilaviy poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlari orqali kerakli tibbiy vositalar yetkazib berilayotganini qo‘shimcha qildi.

Habibulla Oqilov O‘zbekiston hali koronavirusning avj olish nuqtasidan o‘tmaganini ta'kidladi.

«20 kunlik qat'iy karantin choralari nafaqat kasallikning yuqish zanjiri uzilishiga, balki shifoxonalarda tibbiyot xodimlarining ishni tashkillashtirib olishiga ham imkon beradi. O‘ta og‘ir darajadagi bemorlarni og‘ir darajaga, og‘ir darajadagi kasallarni yengil darajaga o‘tkazishga, yengil darajadagi bemorlarni esa davolab olish uchun imkon bo‘ladi. Tibbiyot xodimlari brigadasini almashtirib olish uchun ham sharoit yaratiladi. Chunki vrachlar ham jismonan, ham ma'naviy jihatdan bosim bilan ishlamoqda.

O‘zbekistonda hali koronavirus cho‘qqiga chiqqani yo‘q. Kasallikning cho‘qqiga chiqishi uch xil shaklda bo‘lishi mumkin. Birinchi shaklda kasallik keskin cho‘qqiga chiqib ketishi, kunlik ko‘rsatkichlar 1500dan 3000tagacha chiqishi mumkin.

Agar biz kasallikning cho‘qqiga chiqish ko‘rsatkichida kunlik 250-500tadan qaytsak, bu O‘zbekiston uchun, fuqarolar uchun vaziyatning oson tarzda o‘tib ketishiga imkon beradi», deya Habibulla Oqilovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bundan oldinroq Habibulla Oqilov O‘zbekistonda kuniga 1-1,5 mingta koronavirusga chalinish holati aniqlansa, sog‘liqni saqlash tizimi qulashidan ogohlantirgandi. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top