11:11 / 08.07.2020
10868
O‘zbekistonning JSTga kirishi bo‘yicha ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

7 iyul kuni Shveytsariyaning Jyeneva shahrida videokonferensiya shaklida O‘zbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga kirishi bo‘yicha Ishchi guruhining 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rasmiy sayti xabariga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasiga Bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umrzoqov boshchilik qilgan.

«Gibrid format»da, maxsus onlayn platformada tashkil etilgan tadbirda tashkilotning Jyenevadagi shtab-kvartira binosida turib ishtirokchi davlatlarning delegatsiyalari bevosita, boshqa ishtirokchilar esa, jumladan, turli davlatlarning poytaxtlaridan ekspertlar — videokonferensaloqa orqali ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasining JSTga kirishi bo‘yicha ishchi guruhi raisi, Koreya Respublikasining Jahon savdo tashkilotidagi doimiy vakili Pak Ji-A tadbir ishtirokchilarini O‘zbekiston tomonidan Tashkilotga kirish va zarur hujjatlarni tayyorlash jarayonida o‘tilgan bosqichlari bilan tanishtirgan.

Yig‘ilish davomida O‘zbekistonning JSTga kirishi nuqtayi nazaridan respublikaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holati va istiqbollari to‘g‘risida ma'ruzasi taqdim etilgan. Ushbu jarayonning qayta tiklanishi 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangani va mamlakatning ko‘p tomonlama savdo tizimiga qo‘shilishi orqali tashqi iqtisodiy faoliyatini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligi ta'kidlangan.

 

 

JST bosh direktori o‘rinbosari A.Vulf tashkilot kotibiyati faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri mamlakatlarga JSTga kirishda ko‘maklashish ekanligini ta'kidladi va shu sababli O‘zbekistonning tashkilotga a'zo bo‘lish jarayonini tiklash to‘g‘risidagi qarorini olqishladi va tashkilot rahbariyati nomidan ushbu tashabbusda barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.

Shuningdek, bir qator boshqa davlatlar, mintaqaviy va tematik guruhlarning vakillari O‘zbekistonning JSTga kirishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan fikrlarini bayon qilishgan.

Yig‘ilish doirasida O‘zbekistonning tashqi savdo rejimi to‘g‘risida kengaytirilgan Memorandumning muhokamasi bo‘lib o‘tdi va mamlakat tomonidan tashqi savdo sohasidagi tartibga solishni JSTga a'zo davlatlar tomonidan tan olingan me'yorlar va standartlarga muvofiqligini ta'minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar qayd etildi. Shuningdek, Memorandum bo‘limlari bo‘yicha savol-javoblar sessiyasi bo‘lib o‘tgan.

Ta'kidlash kerakki, O‘zbekistonning JSTga kirishi bo‘yicha Ishchi guruhining 4- yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida Tashkilot Kotibiyatiga zarur hujjatlarning to‘liq to‘plami, jumladan, a'zo mamlakatlarning 300dan ortiq savollariga javoblar, savdo sohasida texnik to‘siqlardan foydalanish, sanitariya va fitosanitariya choralari, bojxona baholash bo‘yicha suratli savollarning nazorat ro‘yxatlari, importni litsenziyalash jarayoni to‘g‘risidagi savolnoma, intellektual mulk huquqlarining savdo jihatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar, shuningdek, milliy qonunchilikni JST bitimlarining me'yorlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha Reja taqdim etilgandi.

Tadbir davomida mamlakat tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning batafsil muhokamasi bo‘lib o‘tgan va ko‘tarilgan mavzular yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining JSTga kirishi bo‘yicha Muzokaralar guruhining tegishli tushuntirishlari berilgan.

Yig‘ilish yakunida joriy yilning 20 iyulidan 31 iyuliga qadar tovar va xizmatlarining bozorga kirishini ta'minlash masalalari bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazishga kelishib olingan. Shuningdek, JSTga kirish bo‘yicha muzokaralarning keyingi bosqichiga o‘tish, xususan, O‘zbekiston tashkilotga kirishi bo‘yicha ishchi guruh ma'ruzasining asosi hisoblangan Faktologik xulosani tayyorlash to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.

Tadbir yakunida O‘zbekiston tomoni yig‘ilish ishtirokchilariga O‘zbekistonning JSTga kirish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik izhor etilib, ushbu yo‘nalishda kelgusida konstruktiv hamkorlik qilishga umid bildirilgan.

Top