18:52 / 08.07.2020
5613

Sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar davlat xizmatlari markazlari orqali berilishi mumkin

Davlat xizmatlari agentligining xabar berishicha, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar davlat xizmatlari markazlari orqali berilishi mumkin. Shu haqdagi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Foto: KUN.UZ

«Vazirlar Mahkamasining «Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga sanatoriylarda davolanish uchun yo‘llanmalar berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida» qarori loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

Loyihaga ko‘ra, 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma'muriy reglamentga muvofiq ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun jismoniy shaxslar faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladilar.

Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘zlari yoki vakillari kelib murojaat etgan taqdirda, Davlat xizmatlari markazi xodimi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar nomidan, YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa mustaqil tarzda so‘rovnomani elektron ravishda to‘ldiradilar», deyiladi DXA axborot xizmatining xabarida.

Loyihaga ko‘ra, yo‘llanmalarni berish davriyligi quyidagilardan iborat bo‘ladi:

har yili – navbat asosida:

– urush nogironlariga tenglashtirilgan shaxslarga;

– respublika ahamiyatiga molik shaxsiy pensiya oluvchi shaxslarga;

– Chernobil AES halokati oqibatida nurlanish kasalligiga chalingan va uni boshidan kechirgan shaxslar, shuningdek Chernobil halokati sababli nogiron bo‘lib qolgan shaxslarga;

– yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro obektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslarga;

– o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarga;

– ikki yilda bir marotaba – navbat asosida:

– urush qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslarga;

– halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning yangi nikohdan o‘tmagan beva xotinlariga (beva erlariga);

– I va II-guruh nogironlari, ko‘zi ojiz I-guruh nogironini kuzatib boruvchi shaxsga;

– fuqarolar yig‘inlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega bo‘lgan faol keksalar.

Shu o‘rinda birlamchi murojaat etganlar bundan mustasno ekanini eslatib o‘tish kerak.

Qayd etilishicha, faol keksalar uchun sanatoriyalarga yo‘llanmalar olish maqsadida tavsiyanomalar berish tartibi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan belgilanadi.

uch yilda bir marotaba – navbat asosida:

– yoshga doir pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchilarga, shuningdek, umumiy pensiya yoshiga yetgan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarga.

Loyiha muhokamasi 22 iyulga qadar davom etadi. Mavzu yuzasidan istalgan shaxs o‘z taklif va mulohazalarini bildirishi mumkin.

Top