22:41 / 08.07.2020
11760
Tojikistonlik askar harbiy xizmatdan qochish uchun 17ta toshni yutdi

Tojikistonlik oddiy askar Otabek Ibragimov harbiy xizmatdan qochish uchun 17ta toshni yutdi. Bu haqda harbiy sud ma'lumotiga tayanib, «Axbor» yangiliklar sayti xabar tarqatdi.

Foto: Novosti.tj

Ma'lum qilinishicha, Otabek Ibragimov 2019 yil noyabr oyida Tursunzoda shahriga harbiy xizmatga chaqirilgan. Biroq harbiy xizmat sharoitiga chiday olmagan va undan qutulishni maqsad qilgan yigit oradan 1,5 oy o‘tgach, 7ta toshni yutib yuborgan.

Shundan so‘ng Tojikiston Mudofaa vazirligining harbiy shifoxonasiga yotqizilgan. Davolanish chog‘ida askar yana 10ta toshni yutib yuborgan.

Tojikiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 376-moddasiga asosan, o‘ziga qasddan shikast yetkazish orqali harbiy xizmatdan bo‘yin tovlaganlik uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, urush sharoitida esa 8 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ko‘zda tutilgan.

Dushanbe shahri garnizoni harbiy sudi Otabek Ibragimovni 376-moddada ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topib, 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qildi.

Top