17:42 / 09.07.2020
34089
«Ajrim yuz bergan holatda farzandlar va ayol turar joy bilan ta'minlanishi shart» – deputat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisovaning ta'kidlashicha, nikoh qayd etilishidan avval yosh oila yashaydigan manzil aniq bo‘lishi, ajrim yuz bergan holatda farzandlar va ayol turar joy bilan ta'minlanishi shart.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

«Achinarlisi, nikoh bekor qilinar ekan uning qiyinchiliklari asosan ayolning zimmasiga tushadi. Chunki aksar hollarda u yashab turgan uyidan bolalari bilan chiqib ketishi hamda o‘zi va bolalarning ta'minotini o‘ylashga majbur bo‘ladi.

Nikohdan ajrashishlar dunyoning barcha davlatlarida qayd etiladi. Lekin bizdagi qonunchilikda turmushidan ajragan ayol va bolalarning keyingi taqdiri kafolatlanmagan. To‘g‘ri, voyaga yetmagan bolalar uchun aliment to‘lovlari qonunda belgilangan. Lekin hozirda qanchadan-qancha ayollar ana shu pullarni undira olmay sudma-sud yurganiga hammamiz guvohmiz.

Ta'kidlash joiz, xorijiy davlatlarda ajrim haqida qaror chiqarishdan oldin sudlar bolalar va ayolning keyingi taqdiri bilan qiziqib, ularni kafolatlashga harakat qiladi. Bizda esa, avval nikoh bekor qilinib, ajrim qayd etiladi. Keyin farzandlar taqdiri, mol mulk taqsimoti ko‘rib chiqiladi.

Hayotimizda bu holatlar qanchalik ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘layotgani hammaga ma'lum. Chunki “chiqqan qiz chig‘iriqdan tashqari” deyishadi. Avvalo, bu xonadonda ma'naviy tushkunlik, kelinlar va qaytgan qiz o‘rtasida ziddiyatlar paydo bo‘ladi. Ba'zida turmushdan ajrashgan ayol bolalaridan ham voz kechadi. Oqibatda tirik yetimlar ko‘payib, bolalar uylarida tarbiyalanishdek xunuk holat yuzaga keladi.

Ajrimdan keyingi eng katta g‘avg‘olarga sabab bo‘ladigan masala bu – uy-joydir. Ushbu masala ham turli kelishmovchiliklar, janjallarga kezi kelganda o‘ta og‘ir holatlarga olib keluvchi jinoyatlarga sabab bo‘ladi», deya Maqsuda Vorisovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Deputning oilalarni saqlab qolish, ajrimlarning oldini olish uchun bir qator takliflarni ilgari surmoqda.

«Birinchidan, nikoh qayd etilishidan avval yosh oila yashaydigan manzil aniq bo‘lishi, ajrim yuz bergan holatda farzandlar va ayol turar joy bilan ta'minlanishi shart.

Ikkinchidan, nikoh qayd etilgach, ayol yuqorida ko‘rsatilgan manzilga zudlik bilan ro‘yxatga qo‘yilishi kerak. (ortiqcha ovoragarchiliksiz, kelin familiyasi o‘zgargani sababli yangi pasport olganda , doimiy ro‘yxatga qo‘yiladigan manzili ham o‘zgartirilishi kerak).

Uchinchidan, bolalar uchun alimentlar majburiy undirilish mexanizmi joriy qilinishi lozim. Hozirgidek kam haq to‘lanadigan ishga nomiga joylashib, eng kam miqdorda aliment hisoblash amaliyotidan voz kechish kerak. Aliment miqdori bolaning hayot kechirishi, ta'lim olishi uchun yetarli bo‘lishi lozim.

To‘rtinchidan, ota-onasi tirik bo‘la turib bolalar uyiga joylashtirilgan farzandlarga ota-onasi maxsus hisobga pul o‘tkazishini joriy qilish shart.

Yuqorida keltirilgan masalalar yechimi bo‘yicha majburiy ravishda nikoh shartnomasi tuzilsa, har qanday erkak yoki ayol ajrashish haqidagi fikrni bir necha bor o‘ylab ko‘rardi.

Davlat asosini tashkil qiluvchi oilalar mustahkamligini ta'minlash, bolalar uchun sog‘lom oilaviy muhitni kafolatlash maqsadida qonunlarimizga adolatli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish vaqti keldi», deydi u.

Parlament quyi palatasining Oila va ayollar masalalari bo‘yicha komissiyasi raisi O‘zbekistonda ajrashish jarayoni ba'zi davlatlarnikiga nisbatan osonligini tanqid qilgan.

«Agar chet el tajribasiga murojaat qilsak, Polshada nikoh faqat sud orqali bir necha bosqichda bekor qilinadi. Lekin bu holat ijtimoiy me'yorlar yoki voyaga yetmagan bolalar manfaatlariga zid bo‘lsa, sudlar nikohni bekor qilishni rad etadi.

Ispaniyaning Oliy sudi nikohdan ajrashgan erkakka sobiq uy bekasi bo‘lgan xotiniga uy ishlarni bajargani uchun kompensatsiya va xotini hamda bolalari uchun alimentlar to‘lashga majbur qiladi.

Germaniyada ajrashayotgan oilada bolalar bo‘lsa, sud avvalo ularning manfaatlarini hisobga oladi. Shuningdek nafaqat mol-mulk, balki pensiya jamg‘armalari ham ikkiga bo‘linadi, bunda ham o‘ziga yarasha adolat mavjud. Negaki, bola tarbiyasi va uy ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan ayol pensiya uchun jamg‘arma yaratmagan.

Braziliyada ham oiladagi voyaga yetmagan bolalar manfaati himoya qilinadi. Ularning ajrimdan oldingi ta'minot darajasi saqlanib qolinishi majburiy qilib belgilangan», deya ta'kidlaydi Maqsuda Vorisova.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning yanvar-mart oylarida respublika bo‘yicha FHDYo organlari tomonidan 7,8 mingta nikohdan ajrim qayd etilgan. Hududlar bo‘yicha eng ko‘p ajrimlar Toshkent shahri, Andijon, Samarqand, Toshkent viloyatlarida kuzatilgan.

Top