16:27 / 09.07.2020
6674
«Eng katta muammomiz – suvdan noto‘g‘ri foydalanishimiz». Toshkent shahar suv ta'minoti mutaxassisi bilan suhbat

Toshkent shahri ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmog‘i bo‘yicha O‘zbekiston miqyosida eng yaxshi sharoitga ega bo‘lsa-da, poytaxtda ham bu borada muammolar talaygina.

«Toshkent shahar suv ta'minoti» MChJ boshqarma boshlig‘i Abduqodir Alimov bilan Bo‘zsuv oqova suv inshootida kechgan suhbatimizda Toshkentdagi ichimlik va oqova suv ta'minotining bugungi kun holati, iste'molchilik madaniyati, bu sohada qilinayotgan ishlar va mavjud muammolar haqida so‘z bordi.

«Bo‘zsuv oqova suv inshooti» Toshkent shahrining 5ta tumani – Yunusobod, Olmazor, Shayxontohur, Chilonzor, Uchtepa tumanlariga xizmat ko‘rsatadi. Bu tumanlarda shakllangan oqova suvlar shu maskanga oqib keladi. Shu yerda uch bosqichli tozalashdan o‘tib, laboratoriya tekshiruvlaridan so‘ng Quyi Bo‘zsuv kanaliga qaytariladi.

O‘zbekiston bo‘yicha toza ichimlik suvi bilan ta'minlanish 86 foiz, oqova suv ta'minoti esa atigi 17 foizni tashkil qiladi. Sohada qilinadigan ishlar juda ko‘p.

Bot-bot savol berishadi: oqova suv tozalanib, yana ichimlik suvi sifatida ishlatiladimi? Suv muammo bo‘lgan rivojlangan davlatlarda bunday amaliyot bor. O‘zbekistonimizda, shukrki, bunga ehtiyoj yo‘q. Sersuv o‘lka bu. Oqova suvni ichimlik suvi sifatida qayta ishlatishga hojat yo‘q. Bizda yetkazilayotgan suvning 6-7 foizigina ichimlik suvi sifatida foydalaniladi. Qolgan 93-94 foizi irrigatsiya maqsadlarida ishlatiladi», – deydi Abduqodir Alimov.

– Biz ko‘rib turgan ushbu inshoot ayni kun talabiga qanchalik javob beradi?

– Toshkent shahrini ichimlik suvi bilan ta'minlash darajasi 99,7 foizni tashkil qiladigan bo‘lsa, oqova, ya'ni kanalizatsiya bilan qamrab olish darajasi 92 foizni tashkil qiladi. Demak, Toshkent shahrini kanalizatsiya bilan 100 foiz ta'minlash 308 km oqova suv tarmog‘i qurilishi bilan bog‘liq.

Ayni paytda Toshkent shahrida 7ta oqova suv inshooti bor. Asosiy suv «Qodiriya» va «Qibray» inshootlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Toshkent shahriga bir kunda 2 mln 100 ming kub suv beramiz. Bu katta hajm. Qolaversa, oxirgi paytlarda suvga bo‘lgan talab oshmoqda. Biz bu resurslarni ko‘paytirishimiz mumkin, lekin ichki resurslarni qayta ishlash kerak. 2019 yili suv yetkazish 92 ming kubga kamaytirildi. Buning uchun yangi texnologiyalarni qo‘llashimiz kerak.

Abduqodir Alimov

Biz ichimlik suvining bosimini nazorat qila boshladik. Bilasiz, ichimlik suviga bo‘lgan talab kun mobaynida o‘zgarib turadi. Ya'ni ertalab boshqacha, kechqurun va tungi paytlarda boshqacha bo‘ladi. Biz kerakli bosimni berishni avtomatlashtirdik. Bu natijaga suv quvurlarining ichidagi bosimni nazorat qilish bilan erishdik.

Narx masalasiga kelsak, hozirgi vaqtda bir kub suv 1100 so‘mni tashkil qiladi. Bu sanoat korxonalari uchun belgilangan narx.

Bu 1100 so‘m qanday tashkil topgan? Narx nimadan shakllanadi?

– Bu narx asosan katta korxonalarga to‘g‘ri keladi. Aholi uchun 760 so‘m. Ming litr suv 330 so‘m, 100 so‘m ustamasi bilan 430 so‘m. Bu ustama Toshkent shahar hokimining qarori bilan belgilangan bo‘lib, respublika bo‘yicha ichimlik va oqova-suv tarmoqlarini rivojlantirish fondiga yig‘iladi hamda kapital ta'mirlash, quvurlarni yangilash maqsadlarida ishlatiladi.

Demak, iste'molchi 330 so‘mga suv sotib oladi va 100 so‘m qo‘shiladi hamda ishlatilgan 1000 litr suvni oqovaga yo‘naltirish uchun 330 so‘m – jami 760 so‘m sarflaydi.

– Suvni behuda sarflash, ko‘chalarda oqib turishi kabi holatlarni kuzatamiz. Aholini suv sarfi va uni tejashga o‘rgatish bo‘yicha qanday ishlar qilinmoqda?

– Oxirgi paytlarda iqlim o‘zgarishi katta muammo bo‘lib kelmoqda. Bu bilan suvga bo‘lgan talab ham oshmoqda. Bu o‘zgarishlarning oldini olish, suvdan oqilona foydalanish masalasi o‘sha Orol dengizining qurishi bilan boshlangan. Targ‘ibot-tashviqotlar o‘sha paytdan hozirgacha qilib kelinyapti. Lekin samarasi biz kutganchalik bo‘lmayapti.

– Balki targ‘ibotga qandaydir jazo choralarini ham qo‘shish kerakdir?

– Jazo choralarini qo‘llashimiz mumkin. Ammo qonunchiligimizda alohida bir me'yor yo‘q. Mana, kunlar ham isib ketdi, bunday issiqda har bir xonadonda hovuzlar paydo bo‘lyapti, bu yildan yilga ko‘paymoqda. Hovuzga solingan suv 3-5 kun ichida almashtirib turiladi. 40 kub metr suvni ikki-uch marta suzib bo‘lgach, tashlab yuborish bu – katta isrof.

Bundan tashqari, hovliga suv sepish masalasi. Bu ham iste'molning ko‘payishiga olib keladi. Rivojlangan davlatlarda kishi boshiga bir kunlik iste'mol 100-120 litr hisoblansa, Toshkent shahrida 250-300 litrgacha bo‘lib ketadi.

Birgina sug‘orish tizimini oladigan bo‘lsak, bu tizim juda orqada va eskirgan tizimligini ko‘rish mumkin. Qurilish qilishda oqova ariqlar hisobga olinmasligi, drenaj tizimi o‘ta yomonligi ham katta muammo.

– Aholining ko‘payishi bilan suvga bo‘lgan talab va infratuzilmaga tushadigan yuklama ham ortadi. Shu sharoitda suv yetkazishda uzilishlar va turli avariyalar bo‘lmasligining oldini olish uchun qanday ishlar qilinyapti?

– Darhaqiqat, bugungi kunda Toshkent shahri ham ichki, ham tashqi tomondan ancha kengayishni boshladi. Bugungi kunda inshootlarimizda zaxira yetarli darajada.

Hozirgi paytda Toshkent shahriga 2,1 mln kub suv yetkazib beryapmiz va bu hajmni 2,3 mln kubgacha yetkaza olamiz. Nazorat datchiklarini o‘rnatganimizdan keyin quvurlarga kerakli suvni tashlaymiz. Ortiqchasi qoladi va bu bilan suv hajmini boshqarishga erishamiz.

Muammoli holatlarning oldini olish uchun 2010 yilda Osiyo taraqqiyot banki bilan 10 mln dollarlik shartnoma tuzib, kerakli zamonaviy texnologiyalarni o‘rnatganmiz. Birgina «Tashkent city» qurilish obektini oladigan bo‘lsak, eng katta ikki tomonlama quvur liniyalarini o‘rnatganmiz. Birida nosozlik aniqlansa, ikkinchisi ulanadi.

Qolaversa suvning sifatini har doim nazorat qilish uchun Sanitariya-epidemiologik nazorat markazi bilan har kuni o‘lcham nazoratlarini olib boramiz.

Suvni ishlatish quvvati o‘zgarsa, nimalar qilinadi?

– Toshkent shahridagi quvur liniyalari o‘rgimchak to‘ri kabi bir-biriga ulanib ketgan. Bu quvur ichidagi bosimni kerakli texnologiya bilan ushlab turibmiz. Bu paytda o‘zgarish bo‘lmaydi. Bundan tashqari, hamma eski quvurlarni almashtirish kerak, degani ham noto‘g‘ri tushuncha. Biz yangi texnologiyalarni sotib oldik va endilikda yerni qazimasdan turib eski quvurlarni almashtirish, ta'mirlash ishlarini olib bora olamiz.

Bilasiz, katta korxonalar katta iste'molchi hisoblanadi. Bir mahalla ishlatadigan suvni bir korxona yoki zavod ishlatib yuborishi mumkin. Ular ishlatgan suv tozalanmasdan oqizib yuborilishi ekologiyaga jiddiy zarar keltiryapti.

– Buning uchun «Suvoqova» va Ekologiya qo‘mitasi bilan birgalikda joylarda o‘rganishlar olib borganmiz. Korxonalar uchun suvdan foydalanish solig‘i aholinikiga nisbatan ko‘p. Lekin bu korxonalardan chiqayotgan oqova suvlar juda zaharli va zararli. Ayrim holatlarda uni tozalamasdan, ochiqdan ochiq ariqlarga tashlab yuborish holatlari ham kuzatilyapti. Bularga irrigatsiyaning rivojlanmagani, e'tiborsiz qoldirilayotgani sabab bo‘lmoqda.

Birgina Toshkent shahriga bir kunda 2 mln 100 ming kub metr suv yuborsak, 1 mln 500 ming kub metr oqova suvni qaytarib olamiz.

– Sovet davrida qurilgan inshootlar hozirgi talablarga javob bermaydi, degan gaplarga izoh bersangiz.

– Bu borada asosan irrigatsiya tizimiga alohida urg‘u berishimiz kerak. Chunki quvurlarni, suv hisoblagichlarni o‘rnida qo‘llasak, iste'mol ham yaxshilanadi. Suv hisoblagichi bo‘lganidan keyin iste'molchi suvni tejab ishlatadi. Bu bilan biz ortiqcha suvni sarflamaymiz va kunlik 2 mln 100 ming kub metrni ham kamaytirishimiz mumkin.

Quvurlarning sig‘imiga keladigan bo‘lsak, o‘tgan asrning 50-60-yillarida yotqizilgan quvurlar hozirgi holatni inobatga olingan holda yotqizilgan.

– Ko‘chalarda sug‘orish maqsadida tonnalab suvni bebiliska ishlatib yuboryapmiz. Bu katta muammo.

– Albatta, bunday holatlarni juda ko‘p ko‘ramiz. Lekin hamma joyda emas. Rivojlangan, markaziy ko‘chalarda bunday holatlarni kuzatmasligimiz mumkin, ammo eski texnologiya bilan qolib ketgan suv inshootlarimizda bunday holatlarga doimiy ravishda duch kelamiz. Biz aynan sug‘orish tizimida ishlaydigan xodimlarning mas'uliyatini oshirishimiz kerak.

Shu sohada sizni qiynab kelayotgan muammolar? Imkoni bo‘lganida birinchi navbatda qanday ishlarni amalga oshirishimiz kerak?

– Eng katta muammomiz – suvdan noto‘g‘ri foydalanishimiz. Agar iste'molchilarimiz suvdan to‘g‘ri foydalanishsa, qadriga yetishsa yaxshi bo‘lar edi.

Qolaversa, ayrim korxonalarda o‘zining ishlab chiqarish oqovasini yetarli tarzda tozalashga bo‘lgan intilish yo‘q. Yetarli texnologiyasi bo‘la turib, o‘z oqovasini tozalamaydi va bizning texnologiyamizga zarar yetkazadi. Biz bu holatlar bo‘yicha jarimani qo‘llagan taqdirimizda ham yetkazilgan zararni oqlay olmaymiz. Shu jarayonning o‘z qonun-qoidalarini tartibga solish uchun deputatlarimizga ham murojaat qilganmiz.

Ayrim tadbirkorlik sub'yektlarining iqtisodga, xalqqa foydasi tegayotgandir balki, ammo ekologiya va tashqi muhitga anchagina zarar yetkazmoqda. Misol uchun, Bektemir tumanida shunaqangi korxonalar mavjudki, ulardan chiqayotgan badbo‘y hidga chidab bo‘lmaydi. Bizda mavjud inshootlar o‘sha korxonalardan chiqayotgan zararli moddalarni tozalay olishga qurbi yetmaydi.

Mana shunday ekologik muammolarning oldini olish uchun har birimiz e'tibor va mas'uliyat bilan qarashimiz kerak. Qonunlarni ochiqchasiga buzib, ekologiyaga ulkan zarar yetkazayotganlarga qarshi kurashishda bizga siz jurnalistlar, blogerlar yordam bersangiz edi.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.

Top