13:20 / 09.07.2020
28601

Koronavirus xotin-qizlarda bepushtlik chaqirishi ehtimoli bor – tibbiyot fanlari doktori

​​​​​​​O‘zbekistonda kasallikning nisbatan yengil kechishi, o‘lim ko‘rsatkichlarining boshqa davlatlar bilan solishtirganda past ekanligi millatning fenotopik va genotopik xususiyatlariga ham bog‘liq. Bu haqida tibbiyot fanlari doktori, professor Anvar Alimov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ma'lum qildi.

«Ayni paytda kasallik yuqtirayotganlarning uchdan ikki qismi erkaklar, uchdan bir qismi ayollar hisoblanadi. Bu organizmdagi xromosomalarning tuzilishi bilan bog‘liq. Xromosomalar esa immun tizimiga ta'sir ko‘rsatadi.

Lekin hozirgi ma'lumotlarga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi xotin-qizlarda bepushtlik chaqirishi ehtimoli bashorat qilinmoqda», dedi Anvar Alimov.

Shuningdek, shifokorning ma'lum qilishicha, koronavirus infeksiyasi negroid va yevropoid irqiga mansub odamlarda odatiy holatdan 2-2,5 barobar og‘irroq kechishi statistik ma'lumotlar orqali tasdiqlangan. Osiyoliklarda esa kasallikning o‘tish darajasi 2 marta pastligi kuzatilmoqda.

«O‘zbekistonda ham kasallikning nisbatan yengil kechishi, o‘lim ko‘rsatkichlarining boshqa davlatlar bilan solishtirganda pastligi millatning fenotopik va genotopik xususiyatlariga ham bog‘liq», deya qayd etdi shifokor.

Koronavirus yuqtirgan shaxsda, dastlab, qanday belgilar paydo bo‘lishi va bu holatda fuqarolar qanday yo‘l tutishi lozimligi haqida ma'lumot berildi.

«Koronavirusning birinchi namoyon bo‘ladigan asosiy simptomlaridan biri hid bilishning o‘zgarishi hisoblanadi. Bu kasallik yuqtiradigan odamlardan taxminan 10 foizida kuzatiladi. Ta'm bilish qobiliyati ham sustlashadi. Sababi virus tanaga tushgach, birinchi navbatda og‘iz va burun bo‘shlig‘ida joylashadi. Hid va ta'm bilish retseptorlariga ta'sir ko‘rsatadi. Keyinroq umumiy mushaklar og‘rig‘i va holsizlanish ham kuzatiladi. Ko‘z qizarishi va quruq yo‘tal paydo bo‘lishi mumkin», deydi shifokor.

Anvar Alimovning ma'lum qilishicha, koronavirus ham o‘tkir respiratorli infeksiya turlaridan biri va u organizmga tushgach, tana harorati ko‘tariladi. Tana harorati ko‘tarilishi kasallik alomatlari boshlanishining 5-6-kuniga to‘g‘ri keladi va organizmning virus bilan kurashayotganini ko‘rsatadi.

Tibbiyot fanlari doktori bu kabi belgilar sezila boshlagach, albatta, shifokorga murojaat qilish lozimligini ta'kidladi. Sababi hid, ta'm bilish qobiliyatining susayishi, mushaklarda og‘riq va tana harorati 99 foiz holatda koronavirus infeksiyasi yuqtirgan bemorlarda kuzatiladigan holat hisoblanadi va boshqa virusli infeksiyalar uchun umumiy hisoblanmaydi.

«Bundan tashqari, koronavirus infeksiyasi ingichka ichakka ham ta'sir qilishi va zararlangan odamda diareya kuzatilishi mumkin. Ayollarga, ayniqsa, homiladorlar uchun koronavirus salbiy bo‘lishi mumkin. Sababi virusga qarshi dorilar bola rivojlanishiga ta'sir ko‘rsatadi.

Birinchi navbatda, shaxs koronavirusning ilk alomatlarni sezgach o‘zini izolyatsiya qilishi, agar tahlil topshirgan, lekin hali javobi chiqmagan bo‘lsa, umumiy virusga qarshi tabletkalar ichishi mumkin. Eng avvalo, immunitetni ko‘tarishga yordam beradigan oziq-ovqatlar va vitaminlar iste'mol qilish foydali», dedi Anvar Alimov.

Shuningdek, koronavirusga chalingan bemorlar davolanayotgan muassasalarda dori taqchillligi kuzatilishi ehtimoli haqidagi savolga javob berildi.

«Tibbiyot muassasalarida davolanayotganlar uchun, asosan, 3ta dori – tabletka beriladi. Agar bemorning ahvoli og‘irroq bo‘lsa, masalan, tana harorati 39-40 darajaga chiqsa, tomchi dori yuboriladi. Bu bilan tanadagi umumiy suvsizlanishni yo‘qotib, haroratni tushirishga harakat qilinadi. Bular hammasi oddiy dorilar hisoblanadi», deya qayd etdi Anvar Alimov.

Shifokorning ta'kidlashicha, tibbiyot muassasalarida ham kerakli dorilar tugab qolishi holatlari ham uchraydi. Shuningdek, u bunday vaziyatlarda bemorning yaqinlari kerakli dorini tibbiyot muassasasiga yetkazib berishiga ruxsat bor yoki yo‘qligi haqidagi savolga javob berdi.

«Agar reaminatsiyada og‘ir ahvolda yotgan bemorning organizmiga yuborilishi kerak bo‘lgan suyuqlik bugun tugab qolgan va ertagacha kutilsa, kechikilishi mumkin bo‘lsa, bunday holatda uydagilari o‘sha dorini olib kelib berishi mumkin. Lekin kasalligi yengil o‘tayotgan bemorlar uchun dori yetkazib berish shart emas. Chunki koronavirusni davolash uchun alohida dorilar ishlatilmaydi, ularning bazasi shifoxonalarda mavjud»,dedi Anvar Alimov.

Mavzu
COVID-19: Foydali ma’lumotlar
COVID-19 profilaktikasi, simptomlari, davo choralari va mutaxassislar tavsiyalari
Barchasi
Mavzuga oid
Top