09:13 / 09.07.2020
16648
Muslima qiz qahva stakanidagi “IShID” so‘zi uchun Starbucks tarmog‘ini sudga berdi

Starbucks qahvaxonalar tarmog‘ining muslima mijozlaridan biri tarmoq ustidan sudga arz qildi. Bunga esa tarmoqqa tegishli qahvaxonalardan birida unga “IShID” yozuvi bo‘lgan stakanda qahva berilgani sabab bo‘lgan.  

Foto: CNN

Mojaroli vaziyat Starbucks’ning Sent-Pol shahridagi (Minneapolis shtati) qahvaxonasida yuz bergan. 19 yoshli Aysha ismli qiz shtatning inson huquqlari vazirligiga diniy tahqirlash yuzasidan shikoyat arizasi topshirgan

Bu qahvaxona xodimasi qizga mo‘ljallangan qahva stakaniga uning ismi o‘rniga ISIS (IShID) so‘zini yozgandan keyin yuz bergan. Xodimaning aytishicha, u mijoz hijobda va himoya niqobida bo‘lgani sababli uning ismini yaxshi eshita olmagan. Qizning ta'kidlashicha, u o‘z ismini bir necha marta takror aytgan.

Qiz o‘ziga mo‘ljallangan stakanda “IShID” yozuvini ko‘rgach, qahvaxona boshqaruvchisini chaqirtirishni talab qilgan. Mojaroni hal qilish maqsadida qizga yangi stakanda qahva va 25 dollarlik sovg‘a kartasi berilgan. Biroq bunday munosabatdan ranjigan qiz sudga arz qilishga qaror qilgan.  

“Men o‘zimni kamsitilgan va tushkun his qildim. Bu so‘z butun dunyodagi musulmonlar obro‘siga dog‘ tushiradi. Bizning zamonda bunday holatni maqbul deb hisoblash mumkinligiga ishona olmayman”, deb ta'kidlab o‘tgan Aysha. 

Amerika-Islom munosabatlari bo‘yicha kengash (CAIR) a'zosi bo‘lgan qiz Starbucks xodimlarining ishdan bo‘shatilishini talab qilmoqda.

Top