07:53 / 09.07.2020
5373
«Progress» fazoviy kemasi XKSdan ajralgach Tinch okeanida cho‘ktirib yuborildi

Xalqaro koinot stansiyasidan ajralgan “Progress MS-13” fazoviy yuk kemasi 8 iyul kechki payt Tinch okeanida cho‘ktirilib yuborildi. Bu haqda “Roskosmos” korporatsiyasi xabar berdi. 

Ta'kidlanishicha, kemaning yonmaydigan elementlari Tinch okeanining kemalar harakatlanmaydigan va Yangi Zelandiyaning Vellington shahridan 1800 km uzoqlikdagi hududga tushgan.  

Kemani XKSdan ajratishga “Roskosmos” fazogirlari Anatoliy Ivanishin va Ivan Vagner tayyorlagan.

Kema XKSdan Toshkent vaqti bilan soat 23:22da ajralgan va hisob-kitoblarga muvofiq holda soat 3:05da Yer atmosferasiga kirgan. 

Kema 2019 yil dekabrda XKSga 700 kg yonilg‘i va gaz, 420 litr suv, standart oziq-ovqat to‘plami, bir tonnadan ko‘proq turli qurilmalar va yukni, jumladan ilmiy-tadqiqot tajribalari uchun qurilmalar, gigiyenik va tibbiy vositalar yetkazgan. Bundan tashqari, XKS ekipaji vaznsizlik sharoitida jismoniy holatni saqlab turish uchun yangi yugurish yo‘lakchasi olgan.

Navbatdagi “Progress MS-15” kemasining XKSga jo‘natilishi 23 iyulga Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan amalga oshirilishi belgilangan. U XKSdagi 63-ekspeditsiyaga yonilg‘i, suv va gaz zaxiralari, xizmat qurilmalari va hayotni ta'minlash vositalarini yetkazadi. 

Top