22:43 / 09.07.2020
7931
Qirg‘iziston prezidenti pandemiya yuzasidan hamyurtlariga murojaat qildi

 Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov pandemiya yuzasidan yana hamyurtlariga murojaat qildi. Jeenbekov bu bilan bog‘liq holda 30 iyunda ham qirg‘izistonliklarga yuzlangandi.  

“Hamjihatlik, o‘zaro ko‘mak, birdamlik va yuqori darajadagi fuqarolik mas'uliyati evaziga bu kasallikni yengamiz”, deb mamlakatdagi epidemiologik vaziyat yuzasidan o‘z murojaatini boshlagan Jeenbekov.
     
U Qirg‘iziston ham boshqa davlatlar kabi hozir qiyinchiliklar va pandemiya oqibatlarini boshdan o‘tkazayotganini aytgan. Mamlakat yangi tarixidagi eng murakkab davrni boshdan kechirmoqda va pandemiya xalqqa ko‘p kulfat keltirgan.

“Kasallik tufayli o‘nlab hamyurtlarimizni yo‘qotdik. O‘z hayotini qirg‘iz davlatini rivojlantirishga, o‘z xalqi va mamlakatiga bag‘ishlagan ko‘plab taniqli shaxslar hayotdan ko‘z yumdi. Oxiratlari obod bo‘lsin! Yaqinlarini yo‘qotganlarga hamdardlik bildiramiz va ularning qayg‘ulariga sherikmiz. Davolanayotganlarga tezroq sog‘ayib ketishlarini tilab qolamiz”, deb o‘z so‘zlarini davom ettirgan Qirg‘iziston rahbari.

Prezident mamlakat hozirda xalq salomatligi uchun shafqatsiz kurash vaziyatida qolayotganiga e'tibor qaratgan. “Bu kurashning muvaffaqtiyati birdamlikka bog‘liq bo‘ladi. Bugungi kun qahramonlari bo‘lgan shifokorlar xalq sog‘lig‘ini asrash uchun o‘z hayotlarini tikib kun-u tun ko‘rinmas dushman bilan kurash olib bormoqda. Ularning jasorati va fidokorligi oldida bosh egaman va ularning bebaho mehnatlari uchun chuqur minnatdorlik bildiraman”, deb ta'kidlab o‘tgan Jeenbekov.  

Qirg‘iziston prezidenti mamlakatdagi vaziyat uning va xavfsizlik kengashining nazoratida ekanligini ta'kidlab o‘tgan.  

“Barcha davlatlarda xalqning hukumatga nisbatan talabchanligi oshmoqda. Bu tabiiy holdir. Bizda ham talablar va muayyan muammolar bo‘yicha noroziliklar bildirilmoqda. Men barchasini ko‘rib turibman, tushunaman. Bizda muammolar kam emas. Men ham, sizning har biringiz ham ularni iloji boricha tezroq hal bo‘lishini istaymiz. Hozir o‘zini oqlash va bugungi kundagi ko‘p narsalar avvalgi yillardagi xatolar natijasi ekanini, 30 yil davomida to‘planib qolgan muammolar sababli paydo bo‘lganini tushuntirib o‘tirishning mavridi emas. Hozir aybdorlarni izlashga vaqt yo‘q”, deb aytgan Qirg‘iziston yetakchisi o‘z murojaatida.

Uning ta'kidlashicha, Qirg‘iziston boshiga tushgan og‘ir sinov xalqni jipslashtirdi, birdamligini mustahkamladi. Tadbirkorlar, ko‘ngillilar va barcha befarq bo‘lmaganlar yordam ko‘rsatmoqda. Qirg‘iziston prezidenti barchani yanada jipsroq, birdamroq bo‘lishga, o‘zaro yordam berishga chaqirgan. U har bir fuqaro o‘z oilasi, o‘z farzandlari uchun javobgar ekanini ta'kidlab o‘tgan. 

“Men xalq oldida mas'ulman. Yordamingiz va qo‘llab-quvvatlovingiz bilan bu balo ustidan g‘alaba qozonamiz. Men sizlarga ishonaman, hurmatli hamyurtlar. Biz bu og‘ir kunlarda birdamligimiz va hamjihatligimizni ko‘rsatdik. Sizning matonatingiz uchun minnatdorlik bildiraman. Barcha fuqarolar ko‘rinmas dushmanga qarshi birlashdi. Davlat va mahalliy hokimiyat organlari sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi. Ushbu kunlarda biz – hamjihat Qirg‘iziston xalqi tarixning bu og‘ir sinovini munosib yengib o‘tmoqdamiz. Biz birgalikda, Tangrining inoyati bilan va xalimiz inoqligi evaziga odamlarimizning hayoti va sog‘lig‘i uchun bu og‘ir kurashda g‘alaba qozonamiz”, deb aytgan Jeenbekov.

Qirg‘iziston prezidenti aholi o‘rtasida turli savollar paydo bo‘layotganiga ham e'tibor qaratgan. Ulardan biri – hukumat xorijdan, xalqaro moliya tashkilotlaridan tushgan yordamni “o‘z cho‘ntagiga urgani” haqidagi gaplardir. Jeenbekov hukumat bu masala bo‘yicha barcha ma'lumotni ochiq-oydin taqdim qilishiga va'da bergan. 

“Hammaga ma'lum, men xalq mulki va davlat g‘aznasiga ko‘z olaytiradiganlarga nisbatan shafqatsizman. Shu sababli siz bilan birga mamlakatimizga kelib tushayotgan yordamning maqsadsiz ishlatilishiga yo‘l qo‘ymaymiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Qirg‘iziston rahbari.

“Biz davlat hokimiyati xizmat qiladigan kuchli xalqmiz. Xalqimizning o‘ziga xos jihati – hech qachon tushkunlikka tushmaslik va kelajakka ishonch bilan boqish, yaxshilikka ishonishdir. Tangri umid va ishonchni yo‘qotmaydiganlarni hamisha qo‘llab-quvvatlaydi. Tangri ko‘magi, xalqning hamjihatligi evaziga bu vaziyatdan munosib chiqamiz. Yerimizda doim tinchlik va osoyishtalik hukm sursin! Tangri sevimli Qirg‘izistonimizni o‘z panohida asrasin!”, deb o‘z so‘zlarini yakunlagan Sooronbay Jeenbekov.

Hozirgi kunda Qirg‘izistonda koronavirusga chalinganlar soni  8847 nafarni, undan vafot etganlar 116 nafarni tashkil qilmoqda, 3 mingdan ko‘proq kishi sog‘ayib ketgan. So‘nggi sutkada kasallanganlar soni 287 nafarga ko‘paygan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top