22:04 / 09.07.2020
34169
Seul meri jonsiz holda topildi. U prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rilayotgandi

Janubiy Koreya poytaxti meri Pak Von Sun g‘oyib bo‘lib qolgach, kun davomida uni qidirgan politsiyachilar uning jasadini shahar shimolidagi o‘rmondan topishdi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilgan.

Foto: Reuters

Bugun 64 yoshli Pak Von Sunning qizi u 5-6 soat oldin yo‘qolib qolgani haqida xabar qilgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, otasi uydan chiqib ketgan va qaytmagan. Ketishdan oldin u «vasiyatnomaga o‘xshash» xat qoldirgan, bu esa qizni tashvishga qo‘ygan va u politsiyaga murojaat qilgan.

«Assoshieyted press» agentligi shahar ma'muriyatiga asoslanib xabar qilishicha, Pak Von Sun payshanba kuni ishga chiqmagan, shu tufayli shahar hokimligi shu kunga belgilangan barcha uchrashuvlarni bekor qilgan.

Kuzatuv kameralari Pakni soat 10:53da, shahar shimolidagi Sonbuk-gu tumani hududidagi o‘rmonga kiraverishda qayd etgan, uning mobil telefonidan so‘nggi signal ham shu yerda qayd etilgan.

Merni qidirish ishlarida 600 nafarga yaqin politsiyachilar va o‘t o‘chiruvchilar ishtirok etgan, qidiruv amaliyotiga dronlar va politsiya itlari ham jalb etilgan.

Mer topilgani va shifoxonaga olib kelingani haqida mish-mishlar tarqalgach, Seul universiteti shifoxonasi oldida odamlar to‘plangan.

AFP

Janubiy Koreyaning SBS telekanali politsiyadagi manbasiga tayanib xabar berishicha, shahar merining kotibasi uni zo‘ravonlik qilishda ayblab, sudga bergandi. Telekanalning ma'lum qilishicha, qiz 9 iyul kuni tonggacha advokati ishtirokida ko‘rsatma bergan. Uning aytishicha, mer unga nafaqat tegajog‘lik qilgan, balki telegram orqali axloqsiz suratlar yuborgan.

Pak Von Sunning kotibasi mer ko‘pchilik ayollarga zo‘ravonlik qilganini, ammo faqat u qat'iyat to‘plab sudga murojaat qilganini aytgan va isbot sifatida janob Sun bilan yozishmalarini ko‘rsatgan.

Ammo politsiya bu ma'lumotlarni tasdiqlamagan.

Bu xabarlar uning o‘limi bilan bog‘liqligi aniq emas.

Prezidentlikka nomzod
Pak Von Sun poytaxt merligiga birinchi marta 2011 yilda saylangandi. O‘tgan yilning iyulida u uchinchi muddatga (qonunchilikka ko‘ra oxirgisi) qayta saylangan.

U 2022 yilgi prezidentlik saylovlarida Demokratik partiya nomzodlaridan biri bo‘lishi kutilayotgandi.

Pak Von Sunning mutaxassisligi huquqshunos bo‘lib, 1982 yildan  advokatlik faoliyati bilan shug‘ullana boshlagan.

1970-yillar oxirida u Pak Chun Xi diktaturasiga qarshi talabalar namoyishlarida ishtirok etgani uchun Seul milliy universitetidan haydalgan. O‘qishdan haydalgach bir necha oyni qamoqda o‘tkazgan.

1993 yilda u Harvard universitetining yuridik fakultetida ilmiy xodim sifatida ishlay boshlagan.

Seul merligi vaqtida Pak Von Sun shaharni obodonlashtirish ishlarida faol bo‘lgan.

2013 yilda u Seul shahri va shahar atrofiga metro uchun yo‘l haqi oshirilishini bekor qilishga muvaffaq bo‘lgandi.
 

Mavzuga oid
Top