12:55 / 09.07.2020
12672

«Shifoxonalarda koykalar hozircha yetarli, lekin vaziyat og‘irlashishi mumkin» – Habibullo Oqilov

Bugun, 9 iyul kuni AOKA huzuridagi shtabda Milliy gvardiya, IIV va boshqa mas'ul idora vakillari ishtirok etishdi. Unda 10 iyuldan 1 avgustgacha respublika bo‘yicha e'lon qilingan qat'iy karantin choralari bo‘yicha savollarga javob berildi. SSV qoshidagi shtab a'zosi Habibullo Oqilov shifoxonalarda koronavirusga chalingan bemorlar uchun koykalar, dori-darmonlar yetishmasligi haqida ijtimoiy tarmoqda tarqalgan fikrlarga izoh berdi.

«Kechagi brifingdan so‘ng ijtimoiy tarmoqda keng muhokamalar bo‘ldi. Ba'zi fuqarolar qat'iy karantin talabini to‘g‘ri tushunishsa, ayrimlar virus borligiga shubha bilan qarashmoqda. Ko‘pchilik menga oldingi brifinglarda shifoxonalarda bemorlarga dori-darmon, koykalar - hamma narsa yetarli ekanligini aytayotganim, bir kun o‘tib esa vaziyat og‘irlashayotganini xabar qilganim bo‘yicha so‘rashdi.

Ularga aytishim mumkinki, men oldingi aytgan gapimni inkor qilmayman. Hukumat koykalar, dori-darmonlarni yetkazib beryapti. Ta'minotdan muammo yo‘q.

Lekin karantin talablariga rioya etilmasa, vaziyat og‘irlashishi aniq. Hozirgi kunlik statistika takrorlanaversa, sog‘liqni saqlash tizimi bardosh berolmasligini fuqarolarga tushuntirmoqchimiz. Qo‘shni davlatlar va boshqa xorij mamlakatlaridagi og‘ir vaziyatga tushib qolmaslik uchun ham qat'iy choralarni ko‘rishga majburmiz», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov esa respublikada koronavirus birinchi to‘lqinini qachon yengib o‘tish mumkinligi haqidagi savolga javob qaytardi.

«Har qanday turdagi yuqumli kasallik tarqalishi uchun epidemik jarayon bo‘lishi kerak. Buning esa 3ta bo‘g‘ini bor: kasallik manbayi, yuqish yo‘li va yuqtirib oluvchi shaxs. 3ta bo‘g‘inning birortasi bo‘lmasa, kasallik odamdan odamga yuqmaydi. Demak, bizning vazifamiz shu bo‘g‘inlarni uzishdan iborat.

Juda ko‘p fikrlar bo‘lyapti: kasallikning birinchi, ikkinchi, uchinchi va boshqa to‘lqinlari bor ekan. Biz hali birinchi to‘lqinni uzganimiz yo‘q. Qachonki kasallik qayd etilishi to‘xtasa, bitta kasallikning yashirin davri ichida bironta bemor qayd etilmasa, kasallanganlarning barcha manbayi jilovlansa, birinchi to‘lqindan sal bo‘lsa-da uzoqlashdik, degan fikrga borishimiz mumkin», dedi Otabekov.

Eslatib o‘tamiz, Habibulla Oqilov 8 iyul kungi brifingda statsionarlardagi joylar, koykalar tugagani haqida gapirgan, kunlik kasallanish holatlari soni mingdan oshsa kollaps yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirgandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top