07:43 / 10.07.2020
5054
Boliviyaning vaqtinchalik prezidenti koronavirusga chalindi
Foto: Reuters

Boliviyaning vaqtinchalik prezidenti Janin Anes koronavirusga chalindi. Bu haqda uning o‘zi tvitterda ma'lum qildi.

“Menda koronavirusga tahlil natijasi musbat chiqdi. Men yaxshiman, yakkalangan holda ishni davom ettiraman. Keling, birgalikda olg‘a boramiz”, deb yozgan Anes.

U o‘z xabariga ilova qilgan videoda oxirgi vaqtda ko‘plab boliviyalik amaldorlar koronavirusga chalingani sababli tahlil topshirishga qaror qilganini aytgan. Yaqin 14 kun davomida u yangi tahlil topshirmaguncha internet yordamida uyidan ishlaydi.

CNN telekanalining xabar berishicha, oxirgi kunlarda kamida 4 nafar boliviyalik yuqori lavozimli amaldor, jumladan sog‘liqni saqlash vaziri Mariya Eydi Roka koronavirusga chalingan.  

Anes Lotin Amerikasida koronavirusga chalingan 3 davlat rahbari bo‘ldi. Avvalroq virus Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru va Gonduras prezidenti Xuan Orlando Ernandesda aniqlangandi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Boliviyada koronavirusga chalinganlar soni 43 mingga yaqinni, undan vafot etganlar 1,5 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda.

Top