19:52 / 10.07.2020
19053
Davlat xizmatlari markazlari stiker bermaydi – DXA

Davlat xizmatlari agentligining ma'lum qilishicha, karantin choralari kuchaytirilib, transport harakatlanishi vaqtincha cheklangandan so‘ng, davlat xizmatlari markazlariga stiker olishni so‘rab murojaat qiluvchilar ko‘paygan.

Foto: KUN.UZ

«Respublika maxsus komissiyasi tomonidan transport harakatlanishi vaqtincha cheklanib, karantin joriy etilishi haqidagi xabari tarqalganidan so‘ng, Davlat xizmatlari agentligi ijtimoiy sahifalari va telegram-botiga mashinalarga stiker berish bilan bog‘liq savollar kelib tushib, aholi o‘rtasida turli anglashilmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda.

Maxsus komissiya bayoniga ko‘ra, joriy yilning 9 aprelidan boshlab Davlat xizmatlari markazlari orqali harakatlanish uchun ruxsatnomalar berilishi to‘xtatilgan.

Bugungi kunda agentligimizga Davlat xizmatlari markazlari orqali stiker berish haqida hech qanday topshiriq belgilangani yo‘q», deyiladi rasmiy bayonotda.

Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 9 iyuldagi axborotiga ko‘ra, avtotransport vositalari harakatlanishi uchun Adliya vazirligi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ilgari berilgan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar karantin cheklovlari amal qilish davrida qo‘llaniladi.

Biroq, boshqa stikeri mavjud bo‘lmagan mashinalarga faqatgina 07.00 dan – 10.00 gacha, 17.00 dan – 20.00 gacha tegishli hudud doirasida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida) fuqarolarning ish joyiga borib-kelishi, dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish uchun harakatlanishiga ruxsat beriladi.

Hududlar o‘rtasida avtotransport vositalari qatnovi taqiqlangan. Faqatgina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi tashkilotlarga tegishli xizmat va shaxsiy avtotransport vositalarining cheklovlarsiz harakatlanishi mumkin.

Mototransport (skuter) hamda velosipedda harakatlanishiga faqatgina tibbiy niqobdan foydalangan holda hayotiy zarur ehtiyojlari – dori vositalari, oziq-ovqat va birinchi galdagi mahsulotlarni xarid qilish, shifokor ko‘rigiga murojaat etish, shuningdek, ish joyiga borish va kelish uchun ruxsat etiladi.

Top