12:56 / 10.07.2020
46402
Koronavirusni qayta yuqtirish mumkinmi? Davlat bosh sanitariya inspektori javob berdi

Janubiy Koreya va Xitoy, Yaponiyada ham koronavirusdan davolanib chiqqanligi aytilgan insonlarda qayta kasallanish holatlari qayd etilgani xabar qilindi. Kun.uz muxbiri Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida ayni masala yuzasidan mutaxassislarga murojaat qildi. 

Jurnalist, “O‘zbekistonda ham koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar orasida qaytalaganlar bo‘ldimi?”, - deya mutaxassislarga yuzlandi. 

Davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov Kun.uz muxbirining bu savoliga javob berar ekan, virusli kasallikni yuqtirib, sog‘ayganlar qaytadan bu kasallikka chalinmasligini, aksincha uning boshqacharoq namunasiga chalinishi mumkinligini bildirdi. 

“Kasallikning qaytalanishi, ya'ni bir odamning ikki marotaba bir kasallik bilan xastalanishi haqida gap ketayotgan paytda, biz aniq bilamiz, virusli, ayniqsa, o‘sha respirator kasalliklar bilan og‘rigan insonlarning immun tizimi ularning qaytadan ushbu kasallik bilan kasallanishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ularda orttirilgan immunitet shakllanadi. 

Lekin, bir narsani bilishimiz kerak, odamda respirator-klinik belgilarni chaqirishi mumkin bo‘lgan juda ko‘p viruslar bor. Gripp, paragripp, reviruslar, oddiy shu koronavirusning 6 xil namunasi ham bor. Aynan shu kasallik bilan qayta xastalandi, degan fikr menimcha, to‘g‘ri emas. Bu yerda o‘sha kasallikning o‘zgargan, qaysidir xislatini saqlagan, mutatsiyalashgan shtammlari haqida gap bo‘lishi mumkin. 

Hatto biror kishida birlamchi kasallanishdan so‘ng, ikkinchi bor shu virusni yuqtirsa, unda immunitetning juda sayoz ko‘rinishi bo‘lgan taqdirda ham, keyingi xastalanish holati avvalgisiga qaraganda birmuncha yengil kechadi. Negaki, organizm xotirasida ushbu kasallikka qarshi antitanachalar ishlab chiqarish bor”, - dedi Davlat bosh sanitariya inspektori AOKAda tashkil etilgan brifingda.

Mavzu
COVID-19: Foydali ma'lumotlar
COVID-19 profilaktikasi, simptomlari, davo choralari va mutaxassislar tavsiyalari
Barchasi
Top