19:38 / 10.07.2020
2968
Shimoliy Amerika dollardagi millionerlar soni o‘sishi bo‘yicha 2019 yilda yetakchi bo‘ldi

2019 yilda 1 mln dollar va undan ko‘proq mablag‘ga ega dunyodagi barcha odamlarning (High Net Worth Individuals, HNWI) umumiy kapitali 8,6 foizga ko‘payib, 74 trln dollarga yetgan. 

Bunday ma'lumotlar Capgemini kompaniyasi tomonidan tayyorlangan World Wealth Report 2020 hisobotida keltirilgan.

Millionerlar soni o‘sishi o‘tgan yil 8,8 foizni tashkil qilgan. Shimoliy Amerika bu borada yetakchi bo‘lgan. Bu mintaqada millionerlar soni 10,9 foizga ko‘payib, 6,3 mln kishini tashkil qilgan. Shimoliy Amerika 2012 yildan beri ilk bor bu borada yetakchiga aylangan. 

Reytingda 2-o‘rinni Yaqin Sharq egallagan. Bu mintaqada millionerlar ko‘payishi sur'atlari 9,3 foizni tashkil qilgan va umumiy hisobda 800 ming kishiga yetgan. 3-o‘rinni Yevropa 8,7 foizlik o‘sish va umumiy hisobda 5,2 mln millioner bilan egallagan.  

2019 yilda Shimoliy Amerikada dollardagi millionerlar umumiy kapitali 11 foizga oshib, 21,7 trln dollarga yetgan. Yaqin Sharq uchun bu ko‘rsatkich mos ravishda 10,2 foiz va 2,9 trln dollarni tashkil qilgan. Millionerlar kapitali o‘sishi bo‘yicha 3-o‘rinni Osiyo-Tinch okeani mintaqasi egallagan – 7,9 foiz. Bu mintaqa millionerlarning umumiy kapitali bo‘yicha 22,2 trln dollar bilan hamon yetakchi bo‘lib qolmoqda. Mintaqa bu ko‘rsatkich bo‘yicha 1-o‘ringa 2016 yilda chiqqan.

Top