22:37 / 10.07.2020
10336
Surxondaryo viloyati hokimiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Surxondaryo viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga yangi tayinlov amalga oshirildi.

Viloyat hokimi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Xolmamat Jo‘rayevich Samatov boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan shu kunga qadar Angor tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Usmon Yangiboyevich Turopov viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Ma'lumot o‘rnida, Usmon Turopov 1964 yilning 19 yanvarida Sho‘rchi tumanida tug‘ilgan. 1991 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlagan. Ma'lumoti bo‘yicha mutaxassisligi — muhandis-gidrotexnik.

Mehnat faoliyati davomida Qumqo‘rg‘on tumani qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, «Amu-Surxon» irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, Jarqo‘rg‘on tumani hokimining birinchi o‘rinbosari, Jarqo‘rg‘on tumani hokimi, viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan. 2018 yildan Angor tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Top