17:14 / 10.07.2020
14118

Surxondaryoda yana bir bemor vafot etdi. O‘zbekistonda jami qurbonlar soni 53taga yetdi

Surxondaryoda 4 iyul kuni koronavirus aniqlangan 67 yoshli bemor olamdan o‘tdi. U O‘zbekistonda koronavirusning 53-qurboni bo‘ldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Termizda koronavirusga chalingan bemor miokard infarkti, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgani haqida xabar berdi.

«Surxondaryo viloyati Termiz shahrida yashovchi 67 yoshli R.A. (erkak kishi) joriy yil 3 iyul kuni o‘zini yomon his qilgan, nafas yo‘llarida yallig‘lanish bo‘lgan. 4 iyul kuni Covid-19 infeksiyasiga namuna topshirgan va shifoxonaga yotqizilgan.

Unga Covid-19 infeksiyasiga gumon, miokard infarkti, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, surunkali yurak yetishmovchiligi, qandli diabet kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, miokard infarkti, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bugun O‘zbekistonda hozircha koronavirusdan ikki o‘lim holati qayd etildi.

Shu vaqtgacha Toshkentda 29, Buxoro, Surxondaryo va Namanganda 4, Jizzax, Samarqand va Navoiyda 3tadan, Farg‘ona, Qashqadaryo va Qoraqalpog‘istonda bittadan o‘lim ro‘y berdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top