09:45 / 10.07.2020
30272
Zarafshonda 6 iyul kuni koronavirus aniqlangan bemor 9 iyul kuni vafot etdi

Zarafshon shahri hokimligi 9 iyul kuni shaharda koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etilgani haqida xabar bergandi. Vazirlik ushbu ma'lumotni rasman tasdiqladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgani haqida xabar berdi. 

«Navoiy viloyati Zarafshon shahrida yashovchi 55 yoshli J.O‘. (erkak kishi) 6 iyul kuni Covid-19 infeksiyasiga namuna topshirgan, shu kuni Zarafshon shahridagi shifoxonaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga Covid-19 infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, nafas yetishmovchiligining 3-darajasi tashxisi qo‘yilgan. U gipertoniya kasalligi, arterial gipertenziya, yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, semizlik kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan. 

Kasallik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi asorati bilan kechgan. Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan konsultatsiya qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bu O‘zbekistonda koronavirus tufayli qayd etilgan 52-o‘lim holati bo‘ldi.

Shu vaqtgacha Toshkentda 29, Buxoro va Namanganda 4, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo va Navoiyda 3tadan, Farg‘ona, Qashqadaryo va Qoraqalpog‘istonda bittadan o‘lim ro‘y berdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top