18:13 / 11.07.2020
15658

Bill Geyts koronavirusga qarshi vaksinani ko‘p pul to‘laganlarga emas, muhtojlarga berishga chaqirdi

 Bill va Melinda Geyts iyun oyi boshida qashshoq mamlakatlar uchun koronavirusga qarshi vaksina sotib olishga 100 mln dollar ajratdi. 

Foto: Ludovic Marin / POOL / EPA

 Milliarder Bill Geyts koronavirusga qarshi dori va vaksinalarni boshqalarga nisbatan ko‘proq pul to‘laganlarga emas, eng muhtoj mamlakatlar va odamlarga berishga chaqirdi. U bu haqda OITSga qarshi kurash xalqaro jamiyati anjumanida aytdi, deb xabar bermoqda Reuters.

 «Agar dori va vaksinalarni eng muhtojlarga emas, ko‘p pul to‘laganlarga beradigan bo‘lsak, yanada uzoq, yanada adolatsiz, yanada halok qiluvchi pandemiyaga duch kelamiz», — dedi Geyts.

 Uning ta'kidlashicha, jamoat yetakchilari «oddiy bozor omillari emas, tenglikka asoslangan murakkab qarorlar chiqarishlari kerak».

 Hozirda yuzlab vaksinalar ishlab chiqarish ustida ish olib borilayotgani, AQSh va Yevropa mamlakatlari hukumatlari bu ishga milliardlab dollar ajratayotgani hisobga olinsa, boy davlatlar dorilarga ega bo‘lib, rivojlanayotgan mamlakatlar «quruq qo‘l» bilan qolishi mumkin, deb yozadi Reuters.

 Iyun oyi boshlarida Bill & Melinda Gates Foundation fondi qashshoq mamlakatlar uchun koronavirusga qarshi vaksina sotib olishga 100 mln dollar ajratgandi. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top