15:46 / 11.07.2020
50467
Taniqli bloger o‘zida kechayotgan kasallik va tizimdagi nuqsonlar bo‘yicha fikrlarini bildirdi

O‘zbekistonlik taniqli bloger, Adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova kasallikka chalingani, qilingan murojaatlariga olgan javobi, umuman sog‘liqni saqlash tizimi bo‘yicha fikr mulohazalari bo‘yicha alohida post qoldirdi. 

“Yarim kun SES eshigida sarg‘ayib, test topshirolmay qaytdim. Zarurmi shu test menga, bo‘ldi, o‘zim uchun qaror qildim, menda katta ehtimol bilan Covid-19.

Kontakt bo‘lgan, haroratim 4-kun 37-37,5 atrofida ushlanib turibdi. Qizim, onam, ukam, kelinim - hammamiz isitmaladik, onam ta'm bilmayaptilar, yo‘talyaptilar. Kelinimda qattiq quruq yo‘tal va 39 darajagacha isitma kuzatildi, menda esa faqat tana qaqshab og‘rishi va isitma. Tez yordam va poliklinika menda Covid bo‘lishi mumkin deb faqat masofadan maslahat beryapti, lekin test yo‘qligi uchun rasman Covid deb tan ham olmayapti. Xullas, betartiblik va tizimsizlik. O‘zing uchun o‘l yetim.

Koviddan davolanaveraman endi. Albatta, mustaqil davolanaman, chunki tessiz birov meni koviddan davolamaydi, test topshirolmayman, demak yopiq doira.

"Hurmatli" Sog‘liqni saqlash vazirligi! 

Shuncha payt faloncha kasal tuzaldi deb hisobot berib, shundoq ham tuzalib ketayotgan odamlar bilan statistikangizni boyitdingiz. Yana ularni tantana bilan uyiga kuzatib ajoyib shoular qildingiz. O‘sha paytda resurslaringizni to‘g‘ri taqsimlab, hozir o‘zingiz qo‘llayotgan usulni qilsangiz, ya'ni yoppasiga emas, faqat o‘ta zarur hollarda kasalxonaga kovid bilan zararlanganlarni yotqizsangiz bo‘lmasmidi? Vrachlarni zo‘riqtirmay, boshqa resurslarni ham oqilona taqsimlash bo‘lmasmidi shu. Kecha hammaga, bugun esa hech kimga bo‘lyapti endi.

Bo‘ldi, testlashni ham to‘xtating, baribir bu testlaringiz na real ahvolni ko‘rsatyapti, na kerakli odamlarni qamrab olyapti. Resurs uvol bo‘lyapti va tibbiyot xodimlar riskda qolyapti, xolos.

Undan ko‘ra hozir, aynan shu kunlarda o‘zida koronavirus belgilarini sezganlar qayerga borishi, nima qilishi, o‘zini o‘zi qanday davolashi haqida yo‘riqnoma chiqarib tarqating. Hozir eng keraklisi shu. Chunki aholi u yoqda tursin, tibbiyot hodimlari ham bilmayapti nima qilishni. 

Internetda aylanib yurgan turli retseptlarni tartibsiz qo‘llashyapti!

Masalan, uch kun avval isitmam chiqqanida poliklinikaga telefon qildim, u tez yordamga qil, dedi. Koll-sentr ham tez yordamga yo‘naltirdi, tez yordam poliklinikaga, poliklinika yana tez yordamga... Oxiri telefonim ovoz yozyapti, shikoyat qilaman deganimdan so‘ng uchastka vrachim telefonda dorilarni aytib turdi. Mana ahvol!

Hamma test topshiraman deb bir-biriga kasal yuqtirib yuribdi va vaqtni ham boy beryapti. Odamlarga hozir, bugun nima qilsa, qayerga murojaat qilsa to‘g‘ri va xavfsiz bo‘lishini aytish kerak. Aytish uchun o‘zinglar bilasizlarmi bu savollarning javobini?” – deya yakunlagan o‘z sahifasidagi chiqishini Sh. Soatova.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top