17:08 / 12.07.2020
32798
Bahodir Yusupaliyev koronavirus simptomlari bor fuqarolar qanday yo‘l tutishi kerakligini aytdi

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari o‘zida koronavirus borligini shubha qilayotgan fuqaro bu haqda koll-markaz orqali xabar berishi, epidemiologlar uning uyiga borgan holda agar simtomlar bor bo‘lsa, undan test olib, javobi chiqqach ma'lum qilishlarini aytmoqda.

Bahodir Yusupaliyev bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«O‘zbekistonda oxirgi haftaning o‘zida kasallanganlar soni 3 mingga ko‘paydi. Oldingi ko‘rsatkichlar bilan solishtirsak, kasallanganlar soni 30 foizga ko‘payganini ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, o‘lim ko‘rsatkichlari ham oxiri haftada ikki barobarga ortdi. Bularning barchasi O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat murakkablashganidan dalolat beradi.

Hozir kuniga 400dan ziyod kasallanish holati aniqlanmoqda. Bu sog‘liqni saqlash tizimiga o‘zining ta'sirini ko‘rsatmay qolmayapti. Vazirlikning alohida buyrug‘i qabul qilingan. Unga asosan ish shunday tashkil qilinyaptiki, shaxsda qanaqadir kasallik belgilari kuzatilgan bo‘lsa, misol uchun, harorat ko‘tarilishi, quruq yo‘tal paydo bo‘lishi yoki boshqa simptomlar ko‘zga tashlangan bo‘lsa, o‘sha shaxs albatta o‘zining poliklinikasiga murojaat qilishi kerak.

Bugungi kunda Toshkent shahrining o‘zida 64ta poliklinika bo‘lsa, har bitta poliklinikada epid-guruhlar tuzilgan. Uning tarkibida oilaviy shifokor, infeksionist va epidemiolog bor (viloyatlarda ham shunday – tahr.). Mana shu 3 shaxsdan iborat epid-guruh joyiga borib vaziyatni o‘rganadi va bemorni uyda davolanishga qoldirish yoki holatining og‘irligiga qarab shifoxonaga yotqizish masalasini hal qiladi.

Agar bemor shifoxonaga olib ketiladigan bo‘lsa, epid-guruh tegishli tez tibbiy yordam brigadalarini chaqirib, bemorni shifoxonaga yotqizish chorasini ko‘radi.

Bizda yana bitta koll-markaz tashkil qilingan. Uning raqami: 1105. Bu Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisi uchun xizmat ko‘rsatadi. Respublika bo‘yicha 1003 raqamli koll-markaz faoliyat ko‘rsatmoqda.

Koll-markazga kelib tushgan murojaat asosida tegishli hududga, tumanga topshiriq beriladi. Hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmasi va tuman sog‘liqni saqlash bo‘limidagi epidemiologlar murojaat kelib tushgan joyga borib, bemorda simptomlar bo‘lsa, undan test olishadi.

Test natijalari o‘rganilgandan so‘ng uning javobi ma'lum qilinadi. Agar bemorda kasallik tasdiqlanadigan bo‘lsa, yuqorida aytib o‘tilgan tartibda ish ko‘riladi», – deya Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq, yangi tartibga asosan epid-guruhlar va mobil guruhlar tuzilayotgani haqida Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov Kun.uz'ga bergan intervyusida to‘liqroq to‘xtalib o‘tgan edi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top