16:20 / 12.07.2020
8869

Deputat: huquq-tartibot idoralarida ish haqi bir xil bo‘lishi kerak emasmi?

Foto: O‘zXDP

So‘nggi paytlarda ichki ishlar sohasi vakillariga nisbatan turli fikrlar bildirilmoqda. Albatta, e'tirozlarga yetarli asoslar va sabablar bor.

Barcha sohalarda bo‘lgani kabi ichki ishlar tizimida ham islohotlar amalga oshirildi, biroq hali e'tibordan chekkada qolayotgan ayrim masalalar borligi kishini o‘ylantiradi. Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi bu sohada ham fidoyi, sadoqatli xodimlar ko‘p. Ularning mehnatini shaxsan o‘zim yuksak qadrlayman.

Bundan bir yil avval men rahbarlik qilayotgan muassasada o‘g‘irlik bo‘ldi. Ichki ishlarga ariza qildik, ular kelib o‘z vazifalarini bajarishni boshlashdi. Ming afsuski, bu tizimga nisbatan jamoamizda ishonchsizlikdan boshqa natijaga erisha olmadik. Shundan kelib chiqib, o‘g‘irliklar bo‘yicha amalga oshiriladigan harakatlarning taxminiy yo‘nalishini chizib berish mumkin.

Masalan, bir obektda o‘g‘irlik bo‘ldi, buni kim qilgan? Bunday huquqbuzarlikni kim qanday sodir etganini aniqlash bo‘yicha qanaqa chora ko‘riladi?.. Voqea joyiga boriladi, barmoq izi olinadi. Oldin ham shunday bo‘lgan. Barmoq izi chiqmasa, yo‘ldagi kameraga tushgan yoki tushmagani ko‘riladi. (Asosiy kameralarni tadbirkor qo‘ygan. Ayrim kameralar esa o‘rnatilganda ham ishlamagan yoki o‘ta eskirib bo‘lgan). Kameraga ham tushmagan bo‘lsa, o‘sha hududda ishlatilgan telefon ko‘tariladi. Telefon ham ishlatilmagan bo‘lsa, yana o‘sha eski zamonga qaytishadi: ushbu jinoyatni qilishi mumkin bo‘lgan shaxslarni olib kelib ulardan “shu jinoyatni qilganmisiz”, deb so‘raladi. Jinoyatchi “ha, qilganman” deydimi?.. Yo‘q. Keyin qanday yo‘l tutiladi?.. Mana, nima uchun urish, do‘pposlash yo‘q bo‘lib ketmayapti. Jinoyatni ochish bo‘yicha katta islohot kerak.

Har bir IIB rahbari MFYni sifatli kamera bilan qamrab olish niyatida, faqat bu niyat to‘laqonli amalga oshirilgani yo‘q. IIB bo‘limida har chorakda tumandagi muassasalardan “kamera o‘rnatsangiz, bizga ham hisob bering”, deb so‘rashadi. Demak, rahbarlar tomonidan kamera o‘rnatish bo‘yicha talab borligini anglash mumkin. IIB rahbari profilaktikaga yuklama qo‘yadi. Profilaktika inspektori tadbirkorga borib iltimos qiladi. Tadbirkor eng arzon kamera qo‘ydiradi. Uni xam xotirasi yo‘q yoki kamera qo‘ydirib, hokimiyatdan pul tushirib bering, deb iltimos qilib yuradi. Aslida esa har oydagi soliqdan orttirilgan puldan sifatli kamera qo‘ydirish, hushyorlikka chaqiruvchi pannolar uchun muayyan summada pul ajratilishi kerak.

IIB xodimlari ishlaydi, lekin, fikrimcha, xodim soni ko‘p, ularning orasida tanish-bilish qilib ishga kirganlari ham yo‘q emas. Shuning uchun ishga olish jarayonidagi talablarni, sinovlarni shaffoflashtirish, kuchaytirish kerak. Shunda xodim bo‘laman, degan bola o‘qishga ham ko‘proq e'tibor qaratar edi.

 Yana bir masala. Nima uchun “pogon” taqqanlar orasida IIB xodimining oylik maoshi bilan boshqa organ xodimlarining maoshi o‘rtasida tafovut mavjud? Huquq-tartibot idoralarida ish haqi bir xil bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Shunda tabaqalanish bo‘lmaydi. Leytenant unvonidagi barcha sohadagi xodim IIBdagi leytenant bilan bir xil oylik olishi kerak.

IIB xodimlari aksariyati eskicha ishlash tizimidan chiqib keta olmaydi. Ularni hozirgi zamonga moslab o‘qitish kerak. Jamoat joyida sodir etilgan huquqbuzarlik mohiyatidan kelib chiqib, harakat qilinishi lozim. Aksariyat xodimlar biron joyda janjal chiqsa, shuni kutib turganday o‘z hukmini o‘tkazishga, vaziyatdan boshqacharoq yechim topishga urinishadi.

IIB xodimlari tumanlarda g‘alla, paxtaga, traktor yig‘ishga jalb qilinadi, joydagi prokuraturaga odam ta'minlaydi, DXXni ishini tayyorlab beradi, “buzdi-buzdi”ga aralashadi, soliq to‘lamasa, aralashadi, bozor ko‘chirishda, noqonuniy savdoni bartaraf etishda ham qatnashadi. Shuncha ish jarayonida faqat asabiylashib turgan odamlar bilan ishlaydi. Endi u yog‘ini tasavvur qiling. Soha xodimlarining o‘z ustida ishlashga umuman vaqti qolmaydi.

Sohada jinoyatni yashirish yoki statistika ortidan quvish avj olgan. Bitta profilaktika inspektori kim uchun jinoyatni yashiradi, o‘zi uchunmi, yo‘q, rahbarlar jinoyat yashirilganini bilishmaydimi?.. Butun aholi ijtimoiy faol bo‘lib turgan vaqtda jinoyatni yashirishni imkoni yo‘q. Buni anglab, shunga muvofiq harakat qilmoq kerak. Aks holda, e'tirozlar to‘xtamaydi.

Taklifim – ichki ishlar bo‘limlari  tizimida o‘rinbosarlarni kamaytirish kerak. Masalan, birinchi o‘rinbosarni vazifasi jinoyatni ochish bo‘lsa, profilaktika bo‘yicha o‘rinbosarning vazifasi nima bo‘ladi? Birinchi o‘rinbosar olib borayotgan siyosatga yordamchimi? Bu ikki o‘rinbosar shtatini ko‘rib chiqish vaqti kelmadimi?..

IIB boshlig‘i sektor rahbari bo‘lgani holda, umumiy rahbarlikni nazoratida olib tursa, birinchi o‘rinbosar to‘liq IIBga javob berishi kerak. Kadr bo‘yicha o‘rinbosar, profilaktika bo‘yicha o‘rinbosar tugatilib, faqat bo‘linma boshlig‘i bo‘lishi, bir vaqtda birinchi o‘rinbosarga bo‘ysunishi kerak.

Barcha xodimlar vazifasini to‘laqonli bajarishi, ularning o‘z kasbiga sadoqati bo‘yicha javobgar etib xizmat bo‘yicha o‘rinbosar qolsa yetarli. Shunda birinchi o‘rinbosardan IIBni ishini, jinoyatchilikni, tartib-intizomni so‘rash mumkin.

Aytganimday, ichki ishlar tizimida faoliyat yuritayotgan fidoiy insonlar juda ko‘p, otam shu tizimda uzoq yillar ishlab, el-yurt orasida hurmat qozongan. Shu sohadagi inson tarbiyalagan bir farzand sifatida ham soha xodimlarining mashaqqati va fidoiyliklari guvohiman. Shuning uchun meni bilib-bilmay fikr bildirganlikda ayblamasliklarini istayman.

Tushunaman, tizimdagi muammolarni samarali hal etish ko‘plab omillarga bog‘liq, shunday holatlar borki, sohaning o‘zi ham yordamga muhtoj. Muammo hal etilishi uchun avval uni ochiq tan olish, keyin ularni bartaraf etish bo‘yicha vazirlik tizimida jiddiy islohotlar o‘tkazilishi muhim. Shaxsiy fikrlarim, xulosalarim, takliflarim bilan barcha huquq-tartibot idoralaridan xalqimiz, Prezidentimiz rozi bo‘lishini xohlayman, xolos.

Shohista Turg‘unova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a'zosi

Top