23:47 / 12.07.2020
47045
Isroillik olimlar O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vositaning klinik sinovlarini o‘tkazishni rejalashtirmoqda 
Foto: Reuters

Tibbiyot va farmatsevtika sohasida faoliyat yurituvchi o‘zbekistonlik va isroillik mutaxassislar o‘rtasida pandemiya sharoitida ilmiy-tadqiqot hamkorligining istiqbollarini muhokama qilish maqsadida onlayn konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi “Dunyo” axborot agentligi.  

Tadbirda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash va innovatsiion rivojlanish vazirliklari, O‘zbekiston Farmakologiya qo‘mitasi vakillari, Tibbiyot sohasidagi hamkorlik xalqaro markazi (ICMFC) bosh direktori Marina Kleyman, Al-Qudsdagi  Yahudiy universitetining “Xaddasa” biokimyo va tibbiyot maktabi departamenti professori Saul Yyedgar va Xolon texnologiya instituti prezidenti professor Eduard Yakubov ishtirok etgan.

Konferensiyada O‘zbekiston tibbiy va ilmiy-tadqiqot markazlarida koronavirusga va boshqa kasalliklarga qarshi dorilarni ishlab chiqish bo‘yicha klinik va ulardan oldingi sinovlar o‘tkazish sohasida hamkorlik o‘rnatish masalalari muhokama qilingan. 

Doktor Marina Kleyman o‘z chiqishi davomida professor Saul Yyedgar bilan birgalikda koronavirusga qarshi ishlab chiqayotgan ko‘p funksiyali vosita MFAIDs taqdimotini o‘tkazgan. Ushbu dori vositasining tarkibi va klinik tadqiqotlari bosqichlari haqida batafsil ma'lumot taqdim qilingan. Bu yo‘nalishda O‘zbekiston bilan birgalikda ishlar olib borishga tayyorlik bildirilgan.

O‘zbekistonlik mutaxassislar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishgan. Shuningdek, O‘zbekistonda sinovlar o‘tkazish uchun isroillik mutaxassislarni  jalb qilgan holda yuqorida keltirilgan yo‘nalishda hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Bundan tashqari, teletibbiyot va masofadan tibbiy maslahat berish sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan. Professor Eduard Yakubov yaqinda Xolon texnologiya institutida Isroildagi ilk raqamli tibbiyot fakulteti ochilganini ta'kidlab o‘tar ekan, O‘zbekistonning tegishli idoralari va oliy ta'lim muassasalari bilan sheriklik o‘rnatishda hamda institut bazasida o‘zbekistonlik mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha onlayn-kurslar tashkil etishda yordam berishga tayyorligini bildirgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top