01:00 / 12.07.2020
4030
O‘n yil ichida ilk marta dunyo bo‘yicha qahva iste'mol qilish kamayishi mumkin
Foto: Pexels

Pandemiya davrida restoran va qahvaxonalarning yopilishi sababli odamlar kamroq qahva ichmoqda. 

2011 yildan beri ilk marta dunyo bo‘yicha qahva iste'moli kamayishi mumkin. AQSh qishloq xo‘jaligi vazirligi ana shunday prognoz qildi, deb yozadi Bloomberg.

Qayd etilishicha, qahva iste'moliga koronavirus sababli restoran va qahvaxonalarning yopilishi «qaqshatqich» ta'sir ko‘rsatdi.  Shu bilan birga, qaytadan faoliyatini boshlagan muassasalar savdoning tez sur'atlarda tiklanishini kutmayapti.

Iste'molchilar ko‘pchilik bo‘lib uydan tashqarida ovqatlanishga shoshilmayapti, deb yozadi Bloomberg. Agentlikning ta'kidlashicha, ertalab yoki tush paytida qahva ichadigan mijozlar hisobiga kun ko‘radigan qahvaxonalar ayniqsa kuchli zarbaga duch keldi. Masalan, Dunkin’ Brands guruhi mijozlarining katta qismini yo‘qotdi. Starbucks tarmog‘i esa biznes-modelini qaytadan ko‘rib chiqmoqda.

Iste'molning sekinlik bilan tiklanishi qahva yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi 125 millionga yaqin kishining hayotini izdan chiqarishi mumkin, deb yozadi Bloomberg. Braziliyadagi eng yirik Suplicy Cafes Especiais tarmog‘i fermerlar yetkazib bergan mahsulot uchun to‘lovlarni kechiktirishga majbur bo‘ldi. 

«Ayrim franchayzing hamkorlarimiz yopilayotgani haqida ogohlantirishdi», — dedi Suplicy bosh direktori Felipe Braga.

Citigroup prognoziga ko‘ra, Arabika navli qahvaning fyuchers narxi 10 foizga pasayib, bir funti 90 sent atrofida baholanishi mumkin.

Top