11:28 / 13.07.2020
6150
Janubiy Koreya Qirg‘iziston va Qozog‘iston fuqarolariga mamlakatga kirishni qat'iylashtirdi

Janubiy Koreya rasmiy idoralari 13 iyuldan boshlab fuqarolari uchun mamlakatga kirish qoidalari qat'iylashtiriladigan davlatlar ro‘yxatini e'lon qildi. Bu davlatlar qatoridan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Bangladesh va Pokiston joy olgan.

Foto: REUTERS/Pavel Mikheyev

Endilikda bu davlatlardan Janubiy Koreyaga keluvchi barcha kishilar koronavirusga tahlil topshirganlari va uning natijasi manfiy chiqqani haqida rasmiy ma'lumotnomaga ega bo‘lishlari kerak. Hujjat Janubiy Koreyaga uchishdan 48 soatdan oldinroq olinmagan bo‘lishi lozim. Shu bilan birga, ma'lumotnoma Janubiy Koreyaning ushbu davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan tan olingan muassasa va klinikalar tomonidan berilgan bo‘lishi kerak

Biroq ushbu ma'lumotnoma Janubiy Koreyaga xorijdan keluvchi barcha, jumladan koreyaliklarning o‘zi uchun ko‘zda tutilgan boshqa tibbiy ko‘riklardan ozod qilmaydi. Janubiy Koreyaga keluvchilar 3 kun ichida koronavirusga takror tahlil topshirishlari va uning natijasidan qat'iy nazar 14 kun karantinda qolishlari kerak bo‘ladi.

Avvalroq yuqorida keltirilgan 4 ta davlat uchun boshqa cheklovlar kiritilishi ma'lum qilingandi. Jumladan, ushbu davlatlar bilan charter reyslar soni kamaytiriladi, samolyotlarning yo‘lovchilar bilan yuklanganligi 60 foizdan oshmasligi lozim. Shuningdek, Janubiy Koreyaga qayta kirish uchun ruxsat olish qoidalari ham qat'iylashtiriladi. Shuningdek, 13 iyuldan Janubiy Koreya portlariga keluvchi barcha kemalar ekipajlari sohilga tushish uchun 14 kunlik karantindan o‘tishlari lozim bo‘ladi. 

Seulda ta'kidlanishicha, yana 11 ta davlatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sinchkovlik bilan kuzatilmoqda va zarurat yuzaga kelsa, ushbu davlatlarga nisbatan cheklovlar qabul qilinadi.

Koreyalik amaldorlar boshqa davlatlardan koronavirusga chalinganlar kelayotganidan xavotir bildirishgan. 12 iyulning o‘zida Janubiy Koreyaga xorijdan kirganlardan 62 kishida virus aniqlangan. Kasallanganlar aeroportlardagi nazorat punktlarida yoki yashash joyi bo‘yicha tahlil olinganda aniqlangan.

Janubiy Koreya rasmiylarining ta'kidlashicha, ularni ayniqsa Qozog‘istondagi vaziyat xavotirlantirmoqda. Oxirgi haftada Janubiy Koreyaga xorijdan koronavirus olib kirganlardan 40 foizi Qozog‘istondan kelganlar bo‘lgan. 1 iyuldan 7 iyulgacha 124 nafar kasallangan xorijlik aniqlangan bo‘lsa, ulardan 53 nafari Qozog‘istondan kelganlarga to‘g‘ri kelgan.
So‘nggi sutkada Janubiy Koreyada 62 ta yangi kasallanish holati qayd etildi. Mamlakatda koronavirusga chalinganlar jami 13 mingdan ko‘proqni tashkil qilmoqda, ulardan 289 kishi vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top