23:03 / 13.07.2020
21564
Liftda yolg‘iz ketgan ayol 71 kishining koronavirusga chalinishiga sababchi bo‘ldi

AQShdan Xitoyga qaytgan ayolning liftda bir daqiqa o‘tkazishi 71 kishining koronavirusga chalinishiga olib keldi.

Bu noodatiy hodisa haqida AQShning kasalliklar nazorati va profilaktikasi markazi xodimlari so‘zlab berishdi. AQShda koronavirusga chalingan ayol 19 mart kuni Xitoyga qaytgan. Ayolda kasallik alomatsiz kechgan, koronavirusga topshirgan tahlili esa manfiy natija bergan. Shunga qaramay, ayol 2 haftaga o‘z uyida yakkalangan va tashqi dunyo bilan har qanday aloqani to‘xtatgan.

Ayol barcha karantin qoidalariga amal qilganiga qaramay, virus tarqatuvchisiga aylangan va qo‘shnilari hamda boshqa kishilarning zararlanishiga sababchi bo‘lgan. Bu esa ayolning liftda bir daqiqa yakka o‘zi ketganidan keyin yuz bergan. 

Xitoy OAVning yozishicha, aprelda Xitoyda koronavirus epidemiyasi zaiflasha boshlagach, Xeylunszyan provinsiyasida ko‘plab kasallanish holatlari qayd etilgan. Ikkita shifoxonaga 70 dan ko‘proq kishi keltirilgan. Mutaxassislar virusga chalinganlar aloqalarini va virus manbasini aniqlash maqsadida yuz bergan hodisani taftish qila boshlashgan.

Aniqlanishicha, avvalroq shifoxonaga koronavirusga chalinish asoratlari oqibatida insultga uchragan bir kishi keltirilgan. U palatada koronavirusga tahlili natijasini kutish vaqtida 20 ga yaqin kishiga virus yuqtirgan. Bundan avvalroq erkak uch o‘g‘lini zararlashga ulgurgan. Ulardan har biri esa yana 28 kishini, jumladan 5 hamshira va shifokorni zararlagan.

Bu orada shifoxonaga birinchi erkakning qo‘shnisi bo‘lgan yana bir bemor keltirilgan. Ularning ikkisida ham koronavirusning xorijda uchrovchi shtammi aniqlangan. Tekshiruv davomida hammasi bo‘lib 71 kishi zararlangani aniqlangan.  

Virus manbasini qidirish davomida shifoxonaga tushgan ikki qo‘shni yashagan ko‘p qavatli uyning barcha aholisi tekshirilgan. Buning davomida AQShdan qaytgan ayolda o‘sha “xorijiy” shtamm aniqlangan. Ta'kidlanishicha, ayol organizmida koronavirusga antitanalar bo‘lgan, shu sababli unda koronavirus alomatlari kuzatilmagan.

Ayolning aytishicha, u kasallanganlar bilan aloqa qilmagan, ular bilan bir liftda ketmagan. Mutaxassislarning fikricha, ayol koronavirusni lift tugmalarida qoldirgan. 

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, alomatsiz bemorlar hamon atrofdagilarga eng katta xavf soladi. 

Top