08:24 / 13.07.2020
42071

Olim koronavirus mutatsiya qilgani sababli uning yuquvchanligi 30 foizga ortganini ma'lum qildi  

Hongkong universiteti tibbiyot maktabi dekani, professor Gabriel Leungning ta'kidlashicha, koronavirusning yuquvchanligi uning DNKsida yuz bergan mutatsiya sababli mart oyidagiga nisbatan 30 foizga ortdi. Ushbu olim Hongkong hukumatiga koronavirus bo‘yicha maslahatlar berib boradi.

South China Morning Post nashrining xabar berishicha, olim o‘z fikrlari bilan radioeshittirishlardan birida bo‘lishgan. Uning ta'kidlashicha, bu borada xalqaro tadqiqot o‘tkazilgan. U koronavirusning eng tarqalgan shtammida mutatsiya yuz bergani, buning natijasida esa uning yuquvchanligi ortganini ko‘rsatgan. Mart oyida har bir bemor 3 nafar sog‘lom kishiga virusni yuqtirgan bo‘lsa, hozirgi kunda 4 kishini zararlamoqda. Bu ma'lumotlar cheklovlar yumshatilgandan keyin koronavirusning yangitdan avj olishi kuzatilayotgan Hongkongdagi statistika bilan ham tasdiqlangan.  

Biroq yaxshi yangilik shundaki, hozircha virus mutatsiya natijasida “qirg‘inbarotroq”qa aylanganining hech qanday belgisi yo‘q.

Olimning ta'kidlashicha, Hongkongni koronavirusning yangi mahalliy avj olishi kutmoqda. Shu sababli u hukumatni keksa odamlarni koronavirusga testlashga alohida e'tibor qaratishga chaqirgan. 

Iyul boshida AQShning bosh infeksionisti Entoni Fauchi koronavirusning yangi shtammi aniqlanganini ma'lum qilgandi. Uning ta'kidlashicha, virus mutatsiyalar natijasida tezroq tarqala boshlagan. Buning natijasida uning bemor tanasidagi miqdori ortib boradi.  

Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotida koronavirus mutatsiya oqibatida tajovuzkorroqqa aylanmagani ma'lum qilingan. 

Top