15:56 / 13.07.2020
61316

O‘lish uchun kelmaydigan viruslar, sinovdagi dorilar va kutilayotgan ikkinchi to‘lqin – Nurmat Otabekov bilan intervyu (2-qism)

 Kun.uz Bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov bilan intervyu tashkil qilgan va uning birinchi qismi kecha e'lon qilingan edi. Quyida intervyuning ikkinchi qismi e'tiboringizga havola etiladi.

Intervyuning ushbu qismida virusga qarshi sinovdan o‘tayotgan dorilar borasida Maxsus komissiyaga ma'lum eng ishonchli xabarlar, pandemiyaning kutilayotgan ikkinchi jiddiy to‘lqini va unga qarshi O‘zbekistonning qay darajada tayyor ekanligi borasida so‘z boradi.

– Respublika Maxsus komissiyasi qarori bilan O‘zbekistondagi talabalar turar joylari karantinda saqlash joylariga aylantirilishi haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Shu haqda ma'lumot bera olasizmi? 

– Karantin hududlari deganda nima nazarda tutiladi? Hozir respublikada 80 mingga yaqin odam kuzatuv ostida. Bular uy va statsionar sharoitda qamrab olingan. Asosiy maqsad nima? Karantinga olinganlarning soni doim ko‘p bo‘lishi kerak. Nima uchun bunday yo‘l tutiladi? Biron bemor biron jamoada qayd etilgan bo‘lsa, shu jamoada bemor bilan muloqotda bo‘lganlarning barchasi kuzatuv ostiga olinishi kerak. Bu epidemiologiyaning asosiy qonunlaridan biri. Kasallik manbaini jilovlash kerak bo‘ladi. Kasallikning tarqalganlik darajasini aniqlash uchun bemor bilan muloqotda bo‘ldi deb gumon qilingan aholi kuzatuvga olinadi. Har kuni respublika hududiga xorijdan hamyurtlar, har kuni mingdan oshiq fuqaro kirib kelyapti. Bular hali bemor emas, ammo ularning orasida kasallikka chalinganlar bo‘lishi aniq. Shunday ekan, respublika komissiyasi bayonnomasida berilgan topshiriq har ehtimolga qarshi, karantinga joylashtirish, kuzatuv ostiga olish kerak bo‘lgan aholi qatlami keskin ortib ketgan taqdirda, kuzatuvni uyushgan holda statsionar sharoitida tashkil etish uchun zaxira o‘rinlarini kollej, litsey, oliy o‘quv yurtlari hisobidan tayyorlab qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Hozircha bunga ehtiyoj yo‘q. Lekin mabodo vaziyat shu tarzda ketib, kuzatuv ostiga olingan aholi soni keskin ortib ketadigan bo‘lsa, u holda, bularga ehtiyoj bo‘ladi.

U yerda davolash ishlari amalga oshirilmaydi. Karantinga qo‘yilganlarning tana harorati o‘lchanadi, ulardan namunalar olinadi, laboratoriyalarda tekshiriladi, 10 kun davomida kuzatiladi. 10 kun davomida ularda kasallik belgilari bo‘lmasa, laboratoriya xulosalari manfiy bo‘lsa, o‘sha kunning o‘zida ular karantin hududidan chiqariladi.

Ko‘rinib turibdiki, kasallikka gumon qilinganlarni yoki kasallik bo‘yicha noxush joylardan kelganlarni uyushgan holatda kuzatuv ostiga olish maqsadidagina bu ishni qilyapmiz. Bu o‘zini oqlagan usul. Balki yotoqxonalardan bu maqsadda foydalanishga ehtiyoj bo‘lmas. Lekin xalqimizda bir gap bor: “Qishning g‘amini yozda yeyishimiz kerak”. Negaki vaziyat murakkablashgandan keyingina bu ishga qo‘l urilsa, shoshib qolishimiz mumkin. Albatta, aynan qiyin holatlarning oldini olish maqsadida bu tayyorgarlikni ko‘rib qo‘yishimiz kerak bo‘ladi. Nazarimda, bu eng maqbul yo‘l.

– Dunyoning yirik axborot saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus infeksiyasini davolashda foydali, deya baholanayotgan dorilar yoki ularning sinovi to‘g‘risida turli xabarlar e'lon qilinmoqda. Bu borada chiqayotgan har bir xabar bizga virusning davosi bor degan umid uyg‘otyapti. 

Xo‘sh, Maxsus komissiyaga bu borada qanday rasmiy xabarlar ma'lum?

 – Koronavirus bilan salkam 10 oydan beri kurashib kelyapmiz. Fikrimcha, bundan buyog‘iga ham bu kabi xabarlar ko‘payib boradi. Izlanishlar olib borayotgan nufuzli institutlar, olimlar guruhlari natijalar olishni boshlaydi. Har xil internet manbalari, har bir chiqish haqida fikrim ijobiy emas. Misol, bugun tongda pnevmoniya koronavirus asorati emas, boshqa qo‘zg‘atuvchi bilan chaqirilgan kasallik, degan xabar tarqaldi. Lekin kechga yaqin bu asossiz ekanligi, bemorlar koronavirus bergan asoratlardan aziyat chekayotgani, yangi qo‘zg‘atuvchi emasligi haqida xabar berildi. Yana bir misol, ikkinchi, uchinchi to‘lqinlar haqida gapirilyapti, Qozog‘istonga kelgan rossiyalik olimlar esa hali birinchi to‘lqinni eplab ololmayotganimizni aytishyapti. 

Katta axborot oqimi bo‘lgan zamonda hammaning gapiga quloq soladigan bo‘lsak, vaziyatning bosh-oyog‘ini topa olmay qolamiz. Asosiy fikrimiz faqatgina Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotlariga asoslanishi kerak. 

Vaksina ishlab chiqilib, klinik sinovlardan o‘tsa va samaradorligi tan olinsa, JSST uni tan olib, amaliyotda qo‘llashga ruxsat beradi.

Yangi dori vositalari ham samaradorligi isbotlanib, JSST tan olsa, ular davolash protokollariga kiritiladi va bizning amaliyotimizga ham kirib keladi. Shunday ekan, O‘zbekistondagi davolash usullarini boshqa davlatlardagi davolash usullari bilan solishtiradigan bo‘lsak, juda katta farqlar bor. Hozir har bir davlat o‘z tajribasidan kelib chiqyapti. O‘zbekistonda ushbu kasallikdan o‘lim ko‘rsatkichi 0,4 foizmi, demak, O‘zbekistonda qo‘llanilayotgan davolash standartlari, menimcha, Italiya, Ispaniya, AQSh yoki boshqa davlatlarning davolash standartlaridan ko‘ra yaxshiroq. Negaki ularda o‘lim ko‘rsatkichi 15-17 foizga yetgan paytda, bizda bu ko‘rsatkich 0,4 foiz. Har bir davlat o‘zining virusli kasalliklar bilan kurashi asosidagi kuzatuvlari asosida standartlarini ishlab chiqyapti.

Bizning eng katta yutug‘imiz – bemorlarni tezda davolayapmiz. Yevropa davlatlariga o‘xshab faqat eng og‘ir bemorlarni davolash yoki kimni qutqara olsang, faqatgina uni davola degan ko‘rsatma bizda bo‘lmayapti. Kasallikka chalinganlarni shifoxonaga erta yotqizib, buyog‘iga ambulatoriya sharoitida erta davolashni boshlasak, hali klinik belgilar paydo bo‘lmasdan davoni boshlasak, albatta, samara bo‘ladi.

Ko‘p davlatlar hozirgacha katta miqdorda ishlatib kelgan preparatlardan foydalanishni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti to‘xtatishni tavsiya qildi. Ko‘rinib turibdiki, biz hali izlanishdamiz. Bir to‘xtamga kelib, samara isbotlanganidan keyin JSST o‘z bayonnomalarini beradi.

– Ko‘pchilik olimlar kuzga borib virusning ikkinchi jiddiy to‘lqini ko‘tarilishini taxmin qilishyapti. O‘zbekiston bu to‘lqinga qanchalik tayyor?

– O‘zbekistonda pandemiya borasida katta tajriba orttirildi. Ba'zilar kun isiganda kasallik kamayadi, deyishgandi, lekin bunday bo‘lgani yo‘q. Namlik yuqori bo‘lgan fasllarda vaziyat yana murakkablashishi ham mumkin.

Virus quruq va issiq havoda o‘ladi. Virus hujayra ichida yashaydigan parazit. Hujayra qurib qoldimi, ichidagi virus ham o‘ladi. Issiq, quruq havo virusni o‘ldirishi aniq. Buni isbotlab o‘tirish, kim bilandir bahslashishning keragi ham yo‘q. Lekin bizda mana shunday issiq bo‘la turib kasallikning avj olib ketishiga boshqa sabablar bo‘lyapti. Biz virusni qo‘lma-qo‘l qilyapmiz. Muloqotimiz shu darajada ko‘payib ketdiki, virusni bir-birimizga qo‘lma-qo‘l qilib uzatyapmiz, yuqtiryapmiz. Virusning ko‘chaga chiqib, quruq va issiqda o‘lishi uchun sharoit qilish kerak.

Tashqaridan virusni qidirsak, topmasligimiz mumkin. Lekin yopiq binolar, odamlar ko‘p muloqot qiladigan joylar – jamoat transportidan tortib, savdo majmualarigacha – bu yerlarda odamlar muloqotni haddan tashqari ko‘paytirishyapti. Bizda epidemiyaga qarshi karantin tadbirlariga rioya etish bo‘lmagani uchun ham vaziyat izdan chiqyapti. Virus tashqi muhitda ham uzoq vaqt saqlanishi mumkin bo‘lgan nam havo hukm sura boshlasa, vaziyat bundan ham jiddiy bo‘lishi mumkin.

Masalan, kasallikning hozirgi tarqalish tempida ob-havo salqin kelib, namlik yuqori bo‘lganda, hozirgi kasallanish ko‘rsatkichi bir necha baravar yuqori bo‘lishi mumkin edi. Hali ham tabiat bizga yordam beryapti. Kuzga qadar aholining o‘zida virusdan himoyalanish uquvini shakllantiramiz, ijtimoiy immunitet paydo bo‘ladi.

Epidemiologiyada bir qonun bor – kasallikning o‘chog‘ida bo‘lsak, kasallikni yuqtirmagan bo‘lsak ham unga qarshi immunitet hosil bo‘ladi. Biz o‘sha viirusni olamiz. Virus – antigen organizmga tushdimi, organizm unga munosabat bildiradi, unga qarshi antitanachalar ishlab chiqaradi. Immun tizimining javob reaksiyasi xotirada muhrlanadi. Ma'lum vaqt o‘tgach, bu virus yana tushsa, tana uni oddiy respirator kasallikdek qabul qiladi. Gripp, renovirus, paragripplar bilan birga yashagandek, koronavirus bilan ham birga yashashimiz kerak bo‘ladi.

Yana bir jihat, viruslar hech qachon o‘zi uchun boshi berk ko‘cha tanlamaydi. U yuqqan odam hayotdan ko‘z yumsa, virusning o‘zi ham o‘ladi. Demak, virusga bu narsa kerak emas, u naslini davom ettirishi kerak. Buning uchun odam uning borligi bilmasligi, sezmasligi kerak, shunda virus tanada xotirjam yashay oladi. Qachonki odam virus organizmga tushganini bilib, unga qarshi kurasha boshlar ekan, virusga buning keragi yo‘q. Tabiatda o‘zini saqlash instinkti atamasi bor. Biz ham ma'lum muddatdan keyin bu virus bilan yashashga moslashamiz.

Epidemiologiyada “yuqumli kasalliklar qolish uchun keladi”, degan gap bor. Virus qayerdan kirib kelganidan qat'iy nazar, qolish uchun kelgan. Biz virus bor muhitda yashash, shunda ham kasallikka chalinmasdan qola bilish iqtidorini o‘zimizda shakllantira olishimiz kerak.

Ilyos Safarov suhbatlashdi

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top