23:19 / 13.07.2020
6577
Ozarboyjonning sobiq mudofaa vaziri ommaviy tartibsizliklarga chaqirgani uchun hibsga olindi  

Ozarboyjonda sobiq mudofaa vaziri Ragim Gaziyev hibsga olindi. U ig‘vogarlikda va davlatga qarshi chaqiriqlarda ayblanmoqda. Bu haqda Ozarboyjon davlat xavfsizlik xizmatiga tayanib Vesti.az nashri ma'lum qildi.  

Sobiq mudofaa vazirining hibsga olinishi Armaniston qurolli kuchlari bilan qurolli to‘qnashuvlar avj olgan vaqtda yuz berdi. Davlat xavfsizlik xizmatida ma'lum qilinishicha, Ozarboyjondagi millatga qarshi kuchlar barqarorlikni izdan chiqarishga, armiyani obro‘sizlantirishga, hokimiyat idoralarini yomonotliq qilishga harakat qilgan. Ular ijtimoiy tarmoqlarda vahima ko‘tarishgan, tekshirilmagan axborot tarqatishgan va davlatga qarshi chaqiriqlar bilan chiqishgan.

Xususan, hibsga olingan sobiq vazir Ragim Gaziyev fuqarolarni mamlakat mudofaa qobiliyatini zaiflashtiruvchi harakatlarga, ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga va davlat idoralarini egallab olishga chaqirgan.

Avvalroq Ozarboyjon va Armaniston chegarasida qurolli to‘qnashuv yuz bergandi. To‘qnashuvlar hanuzgacha davom etmoqda. Ozarboyjon o‘z tomonidan 4 kishi halok bo‘lganini, Armaniston esa 2 kishi yaralanganini ma'lum qilgan.

Gaziyev Ozarboyjon mudofaa vaziri lavozimini 1992-1993 yillarda, Armaniston bilan Tog‘li Qorabog‘ uchun harbiy harakatlar borgan vaqtda egallagan. Hokimiyat tepasiga Geydar Aliyev kelgandan keyin u va Gaziyev o‘rtasida ixtilof yuzaga kelgan. Keyinroq Gaziyev davlatga xiyonat qilishda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilingan. Biroq ushbu jazo umrbod qamoq jazosiga almashtirilgan va Gaziyev 2005 yilda PASe talabi bilan afv etilgan. 

Mavzu
Ozarboyjon-Armaniston mojarosi
12 iyul kuni Ozarboyjon shimoli-g‘arbidagi Tovuz viloyati hududida ikki davlat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi.
Barchasi
Top