Turkiyaning Turkish Airlines aviakompaniyasi avgust oyi uchun parvozlar rejasini e'lon qildi.
Turkiya aviakompaniyasi koronavirus infeksiyasi tarqalishi sababli mart oyida to‘xtatilgan xalqaro reyslarni tiklamoqda.
Turkish Airlines 1 avgustdan O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Hindiston, JAR va BAAga aviaparvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.
«Sizlarga sayohat qilish uchun imkoniyatlar taklif etishdan xursandmiz, zero bu davrda safarlarni rejalashtirish naqadar qiyinligini bilamiz»,- deyiladi aviakompaniya xabarida.
Aviakompaniya shuningdek, 21 martdan 31 avgustgacha bo‘lgan chiptalar sanasida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini ma'lum qilgan.
Turkish Airlines 1 avgustdan xususan, Sheroz va Tabriz (Eron), Bag‘dod, Arbil va Sulaymoniya (Iroq), Kuvayt, Abu-Dabi va Dubay (BAA), Ar-Riyod, Dammom va Jidda (Saudiya Arabistoni), Mumbay va Nyu-Deli (Hindiston), Bishkek (Qirg‘iziston), Toshkent (O‘zbekiston), Konstantin va Vaxran (Jazoir), Aleksandriya, Xurgada va Sharm al-Shayx (Misr), Tunis, Duala va Yaunde (Kamerun), Nayrobi (Keniya), Akra (Gana), Keyptaun va Yoxannesburg (JAR), Dor-us-Salom va Zanzibarga (Tanzaniya) parvozlarni tiklashni rejalashtirgan.
Avvalroq O‘zbekiston Transport vazirligi xorijiy davlatlar aviatsiya ma'muriyatlariga O‘zbekiston Respublikasiga aviakompaniyalarning muntazam parvozlarni amalga oshirishga hali ruxsat berilmaganligi to‘g‘risida notalar yuborilganini ma'lum qilgandi.