20:53 / 13.07.2020
15597
Vazir o‘rinbosari xususiy laboratoriyalarda koronavirusga test topshirish mumkinligini aytdi. Amaliyot buning aksini ko‘rsatmoqda

Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari – Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahodir Yusupaliyevning aytishicha, SeOA tarkibida 43ta, xususiy sektordagi 8ta laboratoriyada koronavirus infeksiyasi yuqqan-yuqmaganligini aniqlash mumkin. Agentlik tizimidagi laboratoriyalarda COVID-19’ga test topshirish bepul, xususiy laboratoriyalarda esa pulli.

«Bugungi kunda respublikamizda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tarkibida 43ta laboratoriya faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu muassasalarda koronavirus infeksiyasi yuqqan-yuqmaganligini aniqlaydigan 92ta PZR laboratoriyalari mavjud. Agentlik tizimidagi laboratoriyalarda COVID-19’ga test topshirish bepul.

Lekin hozirgi kunda bu ishga xususiy sektorni jalb qilyapmiz. Bugungi kunda 8 ta xususiy tibbiyot muassasasida aholiga pulli xizmat ko‘rsatilmoqda. Ular to‘lov evaziga aholidan test uchun namunalar olib, kasallik bor-yo‘qligini aniqlab berishadi.

To‘g‘risini aytishimiz kerak, oxiri kunlarda kasallanish holatlari ko‘paygani uchun davlat sektoridagi laboratoriyalarda xususiy sektorga nisbatan testlarning javoblarini aniqlash jarayoni sal sekinlashdi. Lekin har ikki sektordagi laboratoriyalarning faoliyat tarzi, tahlillarning sifati bir xil», dedi Bahodir Yusupaliyev 12 iyul kuni «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida.

Ijtimoiy tarmoqlarda vazir o‘rinbosari so‘zlarining aksini tasdiqlovchi ma'lumotlar tarqalmoqda.

Jumladan, Ismoil Turopov Telegram’dagi Bankers.uz kanalida juma kuni o‘zi qo‘ng‘iroqlashgan to‘rtta xususiy klinikada COVID-19’ga test olib kelgan bu amaliyot noma'lum sabablarga ko‘ra to‘xtatilgani haqida yozdi.

Toshkent shahrida koronavirus uchun test olishga ruxsat berilgan Akfa Medline, Neuro vita med, SwissLab, Tibbiyot dunyosi, Vitros Diagnostics, Genotexnologiya, Medion xususiy klinikalari vakillari Kun.uz muxbiri so‘roviga javoban ayni paytda ushbu amaliyot bilan shug‘ullanishmayotganini ma'lum qilishdi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktorining matbuot kotibi Muhammadjon Bozorov Kun.uz muxbiri bilan telefon orqali suhbatda xususiy klinikalar COVID-19’ga test olishni to‘xtatganini ularda buning reagenti yo‘qligi, reagentni xususiy klinikalar hujjat asosida sotib olishlari, PZR-laboratoriyasining SSV tomonidan berilgan litsenziyasi bo‘lishi kerakligini ma'lum qildi.

Biroq u shu paytgacha reagensiz xususiy klinikalar qanday qilib ushbu amaliyot bilan shug‘ullanib kelayotgani borasida tayinli izoh berolmadi.

«Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tizimida millionga yaqin test zaxirasi bor. Lekin xususiy klinikalar uchun biz javob bermaymiz. Davlat tasarrufidagi laboratoriyalar ikki oyda bir marta «moyka» qilishi kerak. Shu sababli ikki oyda bir kun ishlashmaydi», – dedi Muhammadjon Bozorov.

1105 raqamli koll-markaz operatori COVID-19’ga test olish huquqiga ega xususiy klinikalar ro‘yxati borligi, biroq koll-markaz orqali bu ro‘yxatni olgan fuqarolar ular test olishni to‘xtatgani haqida shikoyat qilayotganini bildirdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top