15:27 / 14.07.2020
24730
Bosh konsul Amurda janjal ko‘targan o‘zbekistonlik ishchilar manfaatlarini himoya qilish uchun voqea joyiga bordi

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Amur oblasti hududida «Renaissance Heavy Industries» kompaniyasi ishchilari uch oy davomida maosh olmagani sababli isyon ko‘targani, ular orasida o‘zbekistonliklar ham borligi to‘g‘risida xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Amurdagi o‘zbekistonlik ishchilar ishtirokidagi tartibsizlik bo‘yicha munosabat bildirdi.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi 13 iyul kuni Amurdagi vaqtinchalik vaxta shaharchasida O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida yuz bergan hodisani nazoratga olgan. Mazkur masala bo‘yicha Rossiya Ichki ishlar vazirligi va boshqa vakolatli organlar bilan muntazam muloqot olib borilmoqda.

«Bo‘lib o‘tgan hodisa tafsilotlarini aniqlash hamda O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy huquq va manfaatlari himoyasini ta'minlash maqsadida voqea joyiga elchixona bosh konsuli yetib bordi», deyiladi xabarda.

Elchixona rossiyalik hamkorlar bilan birgalikda mojaroni keltirib chiqargan sabab va shart-sharoitlarni o‘rganish, muammoning barcha tomonlar uchun maqbul bo‘lgan yechimni ishlab chiqish bo‘yicha ish jarayoni va natijalar haqida qo‘shimcha axborot beradi.

Bundan avvalroq ijtimoiy tarmoqda «Gazprom»ning pudratchisi sifatida Amurdagi gazni qayta ishlash zavodi qurilishida ishtirok etayotgan «Renaissance Heavy Industries» kompaniyasi ishchilari tartibsizlik keltirib chiqargani tasvirlangan videolar tarqalgandi. Videoda ishchilar ofis eshiklarini tepib, texnikalarni sindirayotgani, ularni tinchlantirish uchun maxsus topshiriqlar bo‘yicha militsiya otryadi jalb etilganini ko‘rish mumkin.

Amur viloyati prokuraturasi tomonidan ma'lum qilinishicha, holat yuzasidan xorijlik ishchilarning mehnat huquqining buzilishi bo‘yicha tekshiruv boshlangan. Shu bilan birga, tartibsizlikni yuzaga keltirgan ishchilarga nisbatan «Bezorilik» moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzu
Migrantlar fojiasi
Xorijda mehnat qiluvchi o‘zbekistonliklar turli baxsiz hodisalar oqibatida halok bo‘lishi holatlari davom etmoqda
Barchasi
Top