08:12 / 14.07.2020
10558

JSST koronavirus paydo bo‘lishi manbasini Uhanda qidirish lozimligini ta'kidlamoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus paydo bo‘lishini o‘rganishda ilmiy metodologiyadan foydalanib, harakatlanishni virus birinchi bo‘lib tarqalgan joy – Xitoyning Uhan shahridan boshlash kerak, deb hisoblamoqda.

Bunday fikrni JSST vakili Maykl Rayan turli davlatlarda oqova suvlarda koronavirus borligini tekshirish bo‘yicha o‘tkazilgan oxirgi tadqiqotlar haqidagi savolga javoban aytgan. 

“Odamlar o‘limiga olib keladigan kasalliklar bilan bog‘liq holatlarda ularning markazini aniqlashtirib olish zarur. Virus tarqalishi Xitoyda boshlangan. Aynan shu yer markaz bo‘lgan”, deb aytgan Rayan va “virus kelib chiqishini to‘liq hajmda tushunish lozimligini” ta'kidlab o‘tgan.

JSST vakilining aytishicha, virusni odamlarga qaysi hayvondan o‘tgani hali aniqlanmagan va u istalgan joyda topilishi mumkin. 

“Buning barchasini kasallik boshlangan joyda o‘rganish lozim, bu joy Xitoyning Uhan shahri bo‘lgan”, deb ta'kidlab o‘tgan Rayan.

U JSST Xitoyga kelgusi tadqiqotlarga tayyorlanish uchun missiya yuborganini, hozircha tadqiqotlar o‘tkazish rejalashtirilmayotganini ma'lum qilgan.

“Hamma bu dastlabki missiya ekanini tushunishi lozim”, deb javob qilgan Rayan jurnalistlarga. Uning ta'kidlashicha, Xitoyga jo‘natilgan birinchi guruh tomonidan chiqarilgan xulosalar, qo‘yilgan maqsadlar va vazifalar asosida tadqiqot jamoasi shakllantiriladi. Ushbu jamoa xitoylik mutaxassislar bilan yaqindan ish olib boradi.

JSST vakilining ma'lum qilishicha, Xitoyga yuborilgan guruh a'zolari hozirda karantinda qolmoqda.

10 iyulda JSST rahbari Tedros Adanom Gebreyyesus Xitoyga yuboriladigan guruhning asosiy vazifasi JSST boshchilik qiladigan xalqaro missiyaga asos va ish rejasini tayyorlashdan iborat bo‘lishini ma'lum qilgan. Mutaxassislar virusning hayvonlardan odamlarga qanday o‘tganini tushunishda olg‘a siljishlari lozim. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top