15:58 / 14.07.2020
21982
«Karantin kuchaytirilmasa O‘zbekistonda koronavirus yuqtirganlar soni dekabrgacha 64 mingga yetishi mumkin edi» – Obid Hakimov

​​​​​​​10 iyuldan boshlab O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasiga qarshi karantin choralari yana qat'iylashtirildi. Cheklov choralarini qaytarish, avvalgidek bo‘lmasa ham iqtisodiyot va aholi daromadlariga salbiy ta'sir ko‘rsatishi aniq. Xo‘sh, bu choralardan qanday samara ko‘zlanmoqda?

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov karantin choralarining qaytarilish sabablari, O‘zbekistonning pandemiya davrida olib borayotgan siyosati va vaziyatning rivojlanish prognozlari haqidagi fikrlarini bildirdi.

— Cheklov choralarining hozirgi bosqichi obektiv ravishda avvalgisi bilan solishtirib bo‘lmaydi. Cheklov choralari asosan xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish sohalari, ya'ni odamlarning ommaviy to‘planishi bilan bog‘liq bo‘lgan tarmoqlarga tegishli. Amaldagi chora-tadbirlar virus tarqalishini sekinlashtirishga qaratilgan. Bir vaqtning o‘zida kamroq odam yuqtirsa, o‘ta og‘ir bemorlarni davolash osonroq bo‘ladi. Eng samarali vosita – vaqt omilidir.

Iqtisodiyotda keng ko‘lamli to‘xtatib turish to‘g‘ri kelmaydi. Iqtisodiy faoliyatning umumiy pasayishini kutmaslik kerak. Aksincha, sentabr oyiga qadar to‘xtatib qo‘yilgan korxonalarning kamida 70 foizi, yil oxiriga borib esa ushbu korxonalarning barchasini ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Hukumat topshirig‘i bo‘yicha Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi cheklov choralari to‘liq olib tashlaganidan keyin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatni rivojlantirish uchun yangi ssenariylarni, shu jumladan, 2021 yilgacha kasallikning takrorlanish to‘lqinlarining yuqori ehtimollikdagi prognozlarini qisqa muddatlarda ishlab chiqmoqda. Bu bizning prognozimizda o‘z aksini topgan.

Pandemiya yaqin orada susaymaydi va iqtisodiy faoliyat epidemiologik vaziyatga qarab olib boriladi. Aytishim mumkinki, agar epidemiyaning yangi to‘lqini boshlangani sababli karantin choralari kuchaytirilmasa, Markazimizning prognozlariga ko‘ra, joriy yilning dekabr oyiga qadar koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni deyarli 64 ming bemorga yetishi mumkin edi. Shu bilan birga, ushbu bemorlarni parvarish qilish uchun qo‘shimcha 3,6 trln so‘m mablag‘ kerak bo‘ladi.

Bugungi kunga qadar koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurash xarajatlari (testlar, dorilar, himoya vositalari, tibbiyot xodimlariga to‘lanadigan to‘lovlar) uchun 750 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ sarflangan. Ko‘rib turganingizdek, bu mamlakat budjetiga jiddiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Markaz ilmiy xodimlari mazkur ssenariyni inqiroz rivojlanishining ko‘rib chiqilayotgan choralar orasida eng maqbuli, deb hisoblashadi.

Karantin choralarini kuchaytirish samarasini esa 15-20 kun ichida baholashimiz mumkin bo‘ladi. Hammasi bu bizning ushbu choralarga qanchalik rioya qilishimizga bog‘liq. Albatta, iqtisodiyot yangi xavf-xatarlarga moslashishi kerak va ayni paytda iqtisodiyot sohalari kasal fuqarolar soniga qarab ochilishi yoki yopilishi mumkin.

— Cheklov choralarini paytida ijtimoiy zaif guruhlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar mavjudmi?

— Ha, mavjud. Respublika komissiyasining qarori bilan 20 kunlik karantin davrida 120 ming ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilani bepul oziq-ovqat, dori-darmon va birlamchi mahsulotlar bilan ta'minlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Maqsadli taqsimlash va moliyaviy yordam ko‘rsatish uchun homiylik, xayriyani muvofiqlashtirish va ko‘ngillilar markazlari tashkil etiladi.

Yolg‘iz keksa odamlar, kam ta'minlangan, ko‘p bolali oilalar, og‘ir kasallar, ikki yoki undan ortiq bolani tarbiyalayotgan beva ayollar, ota-onalari nogironlar va yetimlarni tarbiyalayotgan oilalarga yordam ko‘rsatiladi. Otasi yo onasi, yoki bo‘lmasa ikkalasi ham ishsiz bo‘lgan va mehnatga layoqatli a'zolari bo‘lgan, ammo pandemiya sababli vaqtincha daromadlaridan mahrum bo‘lgan oilalarga yordam ko‘rsatiladi.

— Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan koronavirus pandemiyasining xalqimiz hayotiga ta'siri borasida bir qator tadqiqotlar olib borilmoqda. Ular haqida ham batafsil ma'lumot bersangiz.

— Joriy yilning iyul oyi boshlarida Markaz Jahon banki bilan hamkorlikda «O‘zbekiston fuqarolarini tinglash» (L2CU) loyihasi doirasida Covid-19’ning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari bo‘yicha keng ko‘lamli tadqiqot o‘tkazdi.

Ushbu tadqiqotga ko‘ra, hukumatning inqirozga qarshi choralar natijasida aprel-may oylarida ishidan ayrilgan o‘zbekistonliklar soni 19 foizdan 12 foizga kamaygan. Shunday qilib, bu davrda fuqarolarning bandlik darajasi 43 foizdan 58 foizga oshdi. May oyida oziq-ovqat ta'minotidagi uzilishlar haqidagi murojaatlar soni taxminan 6 foizga tushdi.

Iyun oyida oziq-ovqat tanqisligi bo‘yicha yangi faktlar kuzatilmadi va deyarli 4 million aholi favqulodda yordam sifatida oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qildi. Respondentlarning katta qismi hukumat tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va fuqarolar bilan ochiq muloqotni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Markaz tomonidan BMTning Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan pandemiya sharoitida hamda davlat tomonidan qo‘llanadigan profilaktik chora-tadbirlar kichik va o‘rta korxonalarga ta'siri bo‘yicha korxonalar kesimida o‘tkazilgan so‘rovnomalar asosidagi tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, korxonalarning aksariyati (78 foizi) pandemiya bilan bog‘liq cheklov choralari doirasida biznesni davom ettirmoqda.

Markazimiz tomonidan yuritilayotgan yana bir indeks — iyun oyidagi ishbilarmonlik faolligi indeksi o‘tgan oyga nisbatan o‘rtacha o‘sishni ko‘rsatdi. O‘tgan oyda bo‘lgani kabi iqtisodiyotda ham ishbilarmonlik faolligi tiklanishda davom etayotganidan dalolat bermoqda.

Shuningdek, biz joriy qilingan karantin va cheklov choralari doirasidagi ishbilarmonlik muhiti holatini o‘rganib chiqdik. Ushbu so‘rovda mamlakatning barcha hududlaridan qariyb 1000ta korxona ishtirok etdi. Korxonalarning 76 foizi o‘z biznesi istiqbollarini «yaxshilanadi», 20 foizi «o‘zgarmaydi» va faqat 4 foizi «yomonlashadi» deb baholagan. So‘rovning uchinchi davri shuni ko‘rsatdiki, ko‘pchilik respondentlarning fikriga ko‘ra, yaqin 2–3 oy ichida mamlakat iqtisodiyoti jadal rivojlanishni boshdan kechiradi.

O‘tkazilgan barcha tadqiqotlar natijalariga ko‘ra shuni aytish mumkinki, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida iqtisodiyotimiz pandemiya kabi krizis holatlariga (bir oy ichida keskin pasayish kuzatilgan) yetarli darajada barqarorligini namoyon qildi va iqtisodiyotda tiklanish jarayonlari juda faol amalga oshmoqda. Bu esa cheklovlarning vaqtincha kuchayishi tiklanayotgan o‘sishni to‘xtatmasligini anglatadi.

Xalqaro tashkilotlarning prognozlariga ko‘ra, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi pandemiyaning salbiy oqibatlari iqtisodiyotdagi pasayish bilan emas, balki faqat iqtisodiy o‘sish sur'atlarining 1,5 foiz darajada saqlanib qolishi bilan tavsiflanadigan kichik sondagi mamlakatlar guruhiga kiradi, bu ko‘rsatkich esa boshqa davlatlarnikiga qaraganda ancha yuqori.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top