07:32 / 14.07.2020
5707
Liviya parlamenti Misrga mamlakatdagi vaziyatga aralashishga ruxsat berdi

Liviya parlamenti – vakillar palatasi Misr qurolli kuchlariga Liviya ixtilofiga aralashishga ruxsat berdi. Bu haqda Xalifa Haftar boshchiligidagi  Liviya milliy armiyasi bilan hamkorlik qiluvchi parlament saytida ma'lum qilingan.  

“Biz bosqinchi ustidan g‘alaba qozonishni ta'minlash va mamlakatimiz hamda mintaqamizdagi xavfsizlik va barqarorlikni saqlab qolish uchun ikki qardosh xalq o‘rtasidagi birgalikdagi sa'y-harakatlarga chaqiramiz”, deb aytilgan parlament bayonotida. Parlament Misr “ikki davlat xavfsizligiga muqarrar xavfni ko‘rsa”, ixtilofga aralashishi lozim, deb hisoblamoqda.

Liviya parlamentida Turkiya mamlakatdagi ishlarga aralashayotgani, Liviya suvereniteti esa “mamlakat g‘arbini nazorat qiluvchi qurolli ayirmachilar va ular bo‘ysunuvchi hokimiyat ma'qullovi” bilan buzilayotgani ta'kidlab o‘tilgan.

Ayni vaqtda Liviya g‘arbida BMT va Yevropa ittifoqi qo‘llab-quvvatlovida shakllantirilgan Milliy kelishuv hukumati harakat qiladi. Milliy kelishuv hukumati va Liviya milliy armiyasi o‘rtasidagi qarama-qarshilik 2011 yildan beri davom etib keladi. 2019 yildan beri Haftar kuchlari mamlakat poytaxti Tripoli ustidan nazoratni qo‘lga olishga harakat qilib keladi. Bu ixtilofda Misr BAA bilan Haftarni, Turkiya esa Fayoz Sarroj boshchiligidagi Milliy kelishuv hukumatini qo‘llab-quvvatlab keladi.  

Iyun oxirida Misr prezidenti Abdulfattoh As-Sisiy Qohiraning Liviya ixtilofiga har qanday aralashuvi qonuniy maqomga ega bo‘lishini aytgan. Uning ta'kidlashicha, bu huquq Misr chegaralarini terrorchi guruhlardan himoyalash, Liviyadagi qon to‘kilishiga chek qo‘yish va u yerda BMT rahnamoligida siyosiy jarayonni boshlash bo‘yicha sa'y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligiga asoslangan.  

Mavzu
Liviyada fuqarolar urushi
Liviya milliy armiyasi qo‘mondoni Xalifa Haftar boshchiligidagi qo‘shinlar poytaxt Tripolini qamal qildi
Barchasi
Top