08:33 / 14.07.2020
4690
Norvegiyaliklar yil boshidan beri rekord miqdorda elektromobillar xarid qildi

Norvegiya sof transportga o‘tishda yetakchi o‘rinlarni saqlab qolmoqda. Mamlakatda hukumatning ekologik sof transportni qo‘llab-quvvatlashi evaziga 2020 yil 1-yarmida sotilgan mashinalar orasida elektromobillar ulushi rekord darajadagi 48 foizni tashkil qildi.  Bu esa mamlakatda ushbu davr ichida xarid qilingan har 2 mashinaning bittasi elektromobil bo‘lganini anglatadi.

Norvegiyaliklar Audi e-Tron, Volkswagen e-Golf va Hyundai Kona elektromobillarini ko‘proq xush ko‘radilar. 

Norvegiyaliklar orasida Volkswagen Group elektromobillari eng talabgir bo‘lmoqda: bozorning 9 foizi bilan Audi e-tron modeli yetakchilik qilmoqda. 2-o‘rinni bozorning 6 foizlik ulushi bilan VW e-Golf egallamoqda. 3-o‘rinni Kona EV va Nissan LEAF elektromobillari o‘zaro bo‘lishmoqda.

Biroq iyunda bozordagi vaziyat yilning 1-yarmiga nisbatan o‘zgargan. Savdolar bo‘yicha yetakchi uchlik o‘zgarib, VW e-Golf va Hyundai Kona EV bir punktga yuqorilab, 1- va 2-o‘rinni egallagan. 3-o‘ringa esa Tesla Model 3 modeli chiqqan.

Norvegiyada elektromobillar savdosi boshqa biror davlatda bo‘lmagan sur'atlar bilan o‘smoqda. 2017 yilda mamlakatda elektrokarlar ilk bor barcha sotilgan yangi avtomobillarning yarmidan ko‘prog‘ini tashkil qilgan. 2018 yilda esa Norvegiya elektromobillarning keng tarqalishi avtomobil yonilg‘isi iste'moli kamayishiga olib kelgan birinchi davlatga aylangan.

Norvegiyada eletkrokarlar savdosi o‘sishi benzin va dizel yonilg‘isida ishlovchi mashinalar savdosini qo‘llab-quvvatlamaydigan hukumat sa'y-harakatlarining natijasi hisoblanadi. Mamlakat 2030 yilda sof energetikaga o‘tmoqchi va ekologik sof transportni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Misol uchun, Norvegiyada Tesla mashinasiga egalik qilish benzinda yuruvchi mashinaga egalik qilishdan arzonroq tushadi. Hukumat ichki yonuv dvigateliga ega mashinalar egalariga solinadigan soliqni yanada oshirmoqchi va bunday mashinalarga bir qator ko‘chalarga kirishni cheklamoqchi. Norvegiyaning bundan maqsadi 2025 yildan ichki yonuv dvigatelli yangi mashinalar savdosini taqiqlashdan iborat.

Top