10:00 / 14.07.2020
9432
Sariosiyo dehqon bozori boshqaruvi mojarosi: tuman hokimligi nega sud qarorlarini bajarmayapti?

Sariosiyo tumani markazidagi oziq-ovqat, ya'ni dehqon bozori ta'sischilaridan tahririyatimizga murojaat kelib tushdi. Ular tuman hokimligi sud qarorlarini bajarmayotganidan norozilik bildirishdi.

MChJ shaklidagi tuman dehqon (oziq-ovqat) bozori ulushining 49 foizi 2009 yildan buyon bir oila vakillari bo‘lgan uch kishiga tegishli: Saydulla Jabborovga — 20 foiz, Saidovaga — 15 foiz, Mahkamovaga — 14 foiz, jami — 49 foiz. 51 foiziga esa Sariosiyo tuman hokimligi egalik qiladi. Tuman hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari bozor kuzatuv kengashi raisi hisoblanadi.

Ta'sischilar o‘zlari duch kelgan muammoni hikoya qilib berishdi. Saydulla Jabborov ko‘p yillar bozorga raislik qilib kelgan. Ayni paytda uning rahbarlik qilishiga tuman hokimligi tomonidan to‘sqinlik qilinmoqda. Ularning kuzatuv kengashi yig‘ilishida ishtirokisiz va roziligisiz Komil Isoyev bozor boshqaruvi raisligiga tayinlangan. Ular bu borada sudga da'vo arizasi bilan murojaat qilishgan va sud ularning da'vosini qanoatlantirgan. Sud qarori esa tuman hokimligi tomonidan ijro etilmayapti.

Bu orada tuman hokimligi dehqon bozori ustav jamg‘armasiga qo‘shimcha yer maydoni qo‘shib berishi yo‘li bilan ta'sischilarning ulushini 18 foizgacha pasaytirgan. Holbuki ular qo‘shgan 16 sotix yer avvaldan dehqon bozoriga qarashli mol bozori foydalanuvida bo‘lgan. Tuman hokimligining bu qarori ham Qiziriq tuman ma'muriy sud qarori bilan bekor qilingan. Bozor ma'muriyati ikkinchi instansiyaga apellyatsiya tartibida shikoyat kiritgan, biroq shikoyat arizasi Surxondaryo viloyat ma'muriy sudining apellyatsiya instansiyasi tomonidan qanoatlantirilmasdan, Qiziriq tuman ma'muriy sudi qarori o‘z kuchida qoldirilgan. Ya'ni, ta'sischilarning 18 foizgacha pasaytirilgan ulushi yana 49 foizga aylangan.

Saydulla Jabborov bozordagi foyda keltirib turgan do‘konlar boshqaruv raisi Komil Isoyev topshirig‘i bilan asossiz buzib tashlanib, bozorning daromad ko‘rishiga salbiy ta'sir o‘tkazganini aytib o‘tdi.

S.Jabborov va qarindoshlari ta'sischilarning umumiy yig‘ilishi MChJ ustaviga zid ravishda o‘tkazilgani yuzasidan iqtisodiy sudga murojaat qilgan. Hal qiluv qaroriga ko‘ra, Komiljon Isoyevning bozor boshqaruvi raisiga saylash to‘g‘risidagi 6-bandi haqiqiy emas, deb topilgan.

Bozor ta'sischilari bozor ma'muriyati tomonidan sudga da'vo arizalari kiritishda MChJ hisobidan to‘lov qilishayotgani, bu bilan ularning ham ulushlari hisobidan o‘ziga qarshi mablag‘ ishlatishayotganini aytib o‘tishdi.

Sud qarorlari Jabborov va boshqa ta'sischilar foydasiga qaror chiqargan. Biroq hamon bozor boshqaruvi raisligi masalasi ochiq qolmoqda.

Biz bu borada Sariosiyo tuman hokimligi bosh yurist konsulti Ma'rufjon Shomurodovdan tushuntirish oldik. U hattoki Qashqadaryoda bo‘lib o‘tgan ikkinchi instansiya sudi qaroridan ham bexabar ekan. U sud qarori kelib tushgach, shunga qarab ish ko‘rishini ta'kidlab o‘tdi.

Dehqon bozori yuristi Xayrulla Salimov esa masalaga o‘z nuqtayi nazarini bildirdi.

Bozor yuristi o‘z so‘zida S.Jabborovdan hech qanday hujjatlar yashirilmaganini, u barcha hujjatlar qayerda saqlanishini bilishi, talab qilib olishi mumkin bo‘lganini aytyapti. Lekin ta'sischi, hujjatlar unga berilmagani, shu sababli uni advokat orqali tuman hokimligidan talab qilib olganini aytadi.

Avval ham bozorda raislik qilgan Saydulla Jabborov o‘zi va qarindoshlarining 49 foiz ulushi bilan bozor boshqaruvi raisligiga o‘tirmoqchi, shu bozorni obod qilmoqchi. Bozorning davlat ulushi bo‘lgan 51 foizi sotuvga qo‘yilgan taqdirda uni ham sotib olib, bozor hududida yangicha ekobozor qurmoqchi. Bu borada loyihalar ham qilingan.

Biroq, umumiy ovozlar sonining kamida uchdan ikki qismi (66,6 foizi) talab qilingani holda, ularning qarshi ovozini inobatga olmasdan, bozorga hokimlik o‘ziga ma'qul nomzodning tayinlanishi mavjud nizomga zidligini ta'kidlashmoqda.

Ta'sischilar tuman hokimligi tomonidan tayinlangan nomzod bozorga foyda keltirish o‘rniga uning rivojlanishi uchun to‘siq bo‘layotganini ta'kidlashdan charchashmaydi.

Bozor ustav jamg‘armasining nazorat paketiga ega bo‘lib turgan Sariosiyo tuman hokimligi bu chigal masalaga jiddiy e'tibor berib, barchasini murosa va adolat yo‘li bilan hal qilishlarini so‘rar edik. Chunki odil sud qarorlari ham ta'sischilar foydasiga chiqarilmoqda. Hech bo‘lmasa, sud qarorlari hurmat qilinsin.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri.
Faxriddin Hotamov, tasvirchi.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top