14:48 / 14.07.2020
11365

Toshkent shahrida havoning ifloslanishi sutkalik ruxsat etilgan me'yorlardan ortgan – «O‘zgidromet»

«O‘zgidromet»ning xabar berishicha, 6–11 iyul kunlari o‘tkazilgan monitoringlar shaharda havo tarkibidagi chang, azot dioksidi, uglerod oksidi sutkalik ruxsat etilgan me'yorlar bir necha barobar ortgani qayd etilgan.

Qayd etilishicha, Toshkent shahri bo‘yicha atmosfera havosi sifati, ifloslanishi holati monitoringi 10 ta statsionar postda o‘tkazilgan.

6–11 iyul kunlari juda issiq va quruq ob-havo kuzatilgani tufayli shahar bo‘yicha sutkalik ruxsat etilgan me'yorlar:

– chang bo‘yicha 1,4 dan 2,4 martagacha;

– azot dioksidi bo‘yicha 1,3 dan 1,5 martagacha

– uglerod oksidi bo‘yicha 1,1 dan 1,3 martagacha ortgani qayd etilgan.

Bundan tashqari, «O‘zgidromet» 10-12 iyul va 13 iyul tongida Toshkent shahrida ifloslantiruvchi moddalarning o‘rtacha sutkalik konsentratsiyalari sanitariya me'yorlaridan oshmaganini ma'lum qildi.

Kuzatuv ma'lumotlariga ko‘ra, azot dioksidi bo‘yicha Yashnobod tumanida 2 ta, Yunusobod tumanida 1 ta; uglerod oksidi bo‘yicha Yashnobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida 2 tadan, Mirobod tumanida 1 ta ruxsat etilgan me'yordan yuqori holat kuzatilgan. Boshqa tumanlarda ifloslantiruvchi moddalar miqdori ruxsat etilgan me'yordan oshmagan.

«O‘zgidromet» 15 iyul va 16 iyul tongida Toshkent shahrining ob-havo sharoiti shahar havo muhitida biroz zararli moddalar yig‘ilishiga imkoniyat yaratishi haqida eslatgan.

Top