10:34 / 15.07.2020
44596

Manba: Akmal Burxonov Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori etib tayinlandi

Qonunchilik palatasi deputati, «Yuksalish» umummilliy harakati raisi Akmal Burxonov Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori etib tayinlangan. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.

Prezident 14 iyul kuni Akmal Eshondadayevich Burxonovni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori etib tayinlash to‘g‘risidagi qarorini imzolagan.

Akmal Burxonov 1981 yilda Namangan viloyatining Namangan shahrida tug‘ilgan.

U mutaxassisligi bo‘yicha – huquqshunos, 2001 yilda Toshkent davlat yuridik universitetini (bakalavr), 2003 yilda esa ushbu universitetning magistratura bosqichini tamomlagan. 2007 yilda Yaponiyaning Nagoya davlat universitetida (magistratura) ta'lim olgan, 2007 yildan — Nagoya davlat universiteti doktoranti.

2014 va 2019 yillarda Qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan. 2017 yildan 2019 yilgacha «Taraqqiyot strategiyasi» markazi rahbari, 2019 yil yanvaridan «Yuksalish» umummilliy harakati rahbari sifatida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning iyunida O‘zbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.

Agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilishdir.

Agentlik direktori maqomi bo‘yicha vazirga tenglashtirilgan.

Mavzuga oid
Top