18:33 / 15.07.2020
7592

Ona tilini mukammal o‘rganish faqat fanga ajratilgan soatga bog‘liqmi?.. XDP deputati munozaraga qo‘shildi

Foto: O‘zXDP

Ona tili hammamiz uchun muqaddas. Agar u muhokama, munozara mavzusiga aylansa, tomoshabin bo‘lib turishga haqqimiz yo‘q. Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda umumiy o‘rta ta'lim maktablarining o‘quv rejasida “Ona tili” faniga ajratilgan soatlarning qisqartirilishi masalasi bilan bog‘liq turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Ayrim partiyalar vakillari bu mavzu hammaning ko‘ngliga yaqinligini bilib, shovqin ko‘tarib, o‘zini ko‘rsatishga urinayotgani, to‘g‘risi, menga ma'qul emas.

Mazkur masalaning dolzarbligini hisobga olib, Xalq demokratik partiyasining faollari bilan umumiy o‘rta ta'lim maktablarining o‘quv rejasi va loyiha sifatida taqdim etilgan o‘quv dasturi bilan yaqindan tanishib chiqdik. Chunki “Ona tili” fanini o‘qitishning me'yoriy va metodologik asoslarini tahlil qilmasdan turib, shoshilinch fikr bildirib bo‘lmaydi.

O‘rganish jarayonida qanday masalalarga duch keldik?

Birinchidan, xalq ta'limi vazirining 2020 yil 25 fevraldagi 52-sonli buyrug‘i 1-ilovasi bilan “Umumiy o‘rta ta'lim maktablari uchun 2020-2021 o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejasi” tasdiqlangan. Tayanch o‘quv rejada ona tili va adabiyot fani uchun ajratilgan haftalik o‘quv soatlari quyidagicha taqsimlangan:

- 1 sinfda o‘quv yilining 1-2 choraklarida haftasiga 4 soat “Alifbe”, 4 soat “Yozuv”, 3-4 choraklarda 4 soat “Ona tili” va 4 soat “O‘qish” fani;

- 2-4 sinflarda haftasiga 4 soat “Ona tili” va 3 soat “O‘qish” fani;

- 5-6 sinflarda haftasiga 3 soat “Ona tili” va 2 soat “Adabiyot” fani;

- 7-9 sinflarda haftasiga 2 soat “Ona tili” va 2 soat “Adabiyot” fani;

- 10-11 sinflarda haftasiga 1 soat “Ona tili” va 2 soat “Adabiyot” fani o‘qitiladi.

Agar o‘quv reja tahliliga e'tibor qaratilsa, haftalik eng ko‘p o‘quv soati (57 soat) ona tili va adabiyot faniga ajratilgan. Boshlang‘ich sinflarda “Ona tili”ga doir nutqiy, lingvistik va matn bilish ko‘nikmalarini o‘zlashtirish oson hamda samarali amalga oshadi. Shuning uchun boshlang‘ich sinflarda ona tilini o‘qitishga alohida e'tibor qaratilishi maqsadga muvofiq. Boshlang‘ich sinflarda integrallashgan mashg‘ulotlarning tashkil etilishi va PIRLS, TIMSS kabi xalqaro baholash dasturlari asosida o‘quv topshiriqlarining ishlab chiqilishi o‘quvchilarning o‘qish va matnni tushunish ko‘nikmalarini rivojlantirishga yanada samarali ta'sir ko‘rsatadi.

Yuqori sinflarda o‘quvchilar o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan ko‘nikmalar to‘plami (soni) oshib boradi. O‘qish va yozish ko‘nikmasiga ega o‘quvchilarning sotsiolingvistik kompetensiyalarni o‘zlashtirishi uchun soatlar hajmi emas, o‘quv materiallarining yirik bloklar asosida strukturalashtirilishi, ularda mustaqil o‘z ustida ishlash motivatsiyasini kuchaytirish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu o‘rinda bir jihatni alohida ta'kidlab o‘tish lozim: umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘quvchisi “tilshunos” sifatida tayyorlanmaydi, u ona tilining adabiy me'yorlarini bilishi, og‘zaki va yozma nutq malakalariga ega bo‘lishi talab etiladi. O‘quvchilardan fanga katta soat ajratib, grammatik qoidalarni yodlatish metodikasi o‘zini oqlamaydi. Bu holat tajribada bir necha yil sinovdan o‘tkazildi: fanga ajratilgan ko‘plab soatlar va zamonaviy talablarga javob bermaydigan o‘qitish metodikasi o‘quvchilarni ona tilida savodli gapirish va yozishdan yiroqlashtirdi. Demak, fanga ajratilgan soatlar hajmi uni o‘zlashtirishning natijaviyligini kafolatlay olmaydi.

Ikkinchidan, umumiy o‘rta ta'lim maktabi bitiruvchilarining oldida oliy ta'lim muassasalarida o‘qishni davom ettirish va kasb tanlash masalasi turadi. Ko‘pchilik ta'lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun “Ona tili” fanidan test topshirish talab etiladi. Umumiy o‘rta ta'lim amaliyoti bilan tanishish orqali mazkur masalaga ham yechim topilgani, ya'ni yuqori sinflar uchun variativ o‘quv rejalarining ishlab chiqilganligiga guvoh bo‘lindi. Variativ o‘quv rejalari asosida ta'lim olish o‘quvchiga oliy ta'lim muassasasiga tayyorgarlik ko‘rish, shu jumladan, “Ona tili” fanini chuqurlashtirilgan tarzda o‘rganish  imkonini beradi.

Uchinchidan, o‘quv dasturi loyihasi bilan tanishish Respublika ta'lim markazida yangicha yondashuv asosida “Ona tili” fanini o‘qitishning dasturiy-didaktik ta'minoti ishlab chiqilayotganligini ko‘rsatadi. Bu albatta, ijobiy holat. Dasturda “Ona tili”ni o‘qitish konsepsiyasi, maktab bitiruvchilariga “Ona tili” fani bo‘yicha qo‘yiladigan talablar, “Ona tili” fani bo‘yicha o‘quvchilarga sinflar kesimida qo‘yiladigan talablar, “Ona tili” fanini o‘qitish metodologiyasi, o‘quvchilarning ona tilida lingvistik savodxonligini baholash masalalari aniq belgilab berilgan. Shuningdek, mazkur talablar asosida sinflar kesimida o‘quv dasturlari mazmuni ham yoritib berilgan. Xulosa qilish mumkinki, dastur zamonaviy talablar va ilg‘or xorijiy tajribalarni chuqur o‘rganish asosida ishlab chiqilgan. Savol tug‘iladi: asosiy muammo nimada?..

Uchinchidan, “Ona tili”ni o‘qitish samaradorligiga erishish uchun uning miqdoriy asoslariga emas, sifatiga e'tibor qaratish maqsadga muvofiq:

- chet tili singari ona tilini o‘rganishda ham til muhiti muhim rol o‘ynaydi. Buning uchun o‘quvchini qurshab turgan muhitda ona tiliga hurmat, bolaning ko‘zi har kuni tushadigan istalgan axborot savodli yozilgan bo‘lishi, ota-onalarning til savodxonligiga e'tibor qaratish zarur;

- ommaviy axborot vositalarida o‘zbek adabiy tilida mediaxabarlar va matnlarning berib borilishini qat'iy nazoratga olish lozim. Ayrim axborot vositalarining savodsizlikni targ‘ib qilayotganligiga ko‘plab misollarni keltirish mumkin. Ommaga taqdim etilayotgan xabarlarning savodsiz yozilishi va tarqatilishini hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi. Bu holat esa, hozirgi kungacha davom etib kelmoqda;

- “Ona tili” fanini o‘qitish metodikasini rivojlantirishga juda katta mas'uliyat bilan yondashish lozim. Til o‘qitish metodikasining “sayozligi” va “no‘noqligi” uni o‘rganishga juda katta salbiy ta'sir ko‘rsatadi;

- umumiy o‘rta ta'limda o‘qitiladigan har qanday fan doirasida o‘quvchilarning yozma va og‘zaki nutqini rivojlantirish texnologiyasining qo‘llanilishi maqsadga muvofiq;

- umumiy o‘rta ta'lim maktablarining nafaqat ona tili, balki barcha fan o‘qituvchilarida so‘zlashuv emas, adabiy uslubda gapirish malakasini tarkib toptirish lozim. Istalgan fan o‘qituvchisining ona tilida savodli gapirishi va yozishi o‘quvchining grammatik savodxonligiga juda katta ijobiy ta'sir ko‘rsatadi;

- bola o‘zining ona tilida ta'lim olishi zarur. Chunki o‘zining ona tilida savodxon bo‘lgan o‘quvchining chet tillarni ham savodli o‘rganishi kafolatlanadi.

Xulosa shuki, sifatni oshirish haqida o‘ylash, ta'sirchan choralar ko‘rish asosiy masala bo‘lib qolmoqda.

Mavjuda Hasanova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O‘zXDP fraksiyasi a'zosi

 

Top