14:59 / 15.07.2020
4619

Tramp ma'muriyati xorijlik talabalarning vizasini bekor qilmaydigan bo‘ldi

Harvard universiteti, Massachusets texnologiya instituti va qator shtatlar AQSh prezidenti ma'muriyatiga qarshi da'vo arizasi kiritgandi.

Foto: EPA/CJ GUNTHER

Donald Tramp ma'muriyati o‘qishlari onlayn shaklga o‘tkaziladigan oliy o‘quv yurtlarining xorijlik talabalarini mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risidagi rejasidan voz kechishga qaror qildi. Bu haqda Boston sudi federal sudyasi Ellison Berrouz Oq uy ma'muriyatiga qarshi kiritilgan da'voni ko‘rib chiqish doirasidagi yig‘ilish boshlanishida ma'lum qildi.

Avvalroq AQSh migratsiya va bojxona qonunchiligini nazorat qiluvchi byurosi (ICE) birinchi semestrda faqat onlayn tahsil oladigan xorijlik talabalar AQShni tark etishi yoki o‘qishini hech bo‘lmaganda kurslarning bir qismi kunduzgi shaklda o‘tiladigan ta'lim muassasasiga ko‘chirishi kerakligini ma'lum qilgandi.

Bu qaror qator oliy o‘quv yurtlari, xususan, Jons Hopkins universiteti, Harvard universiteti, Massachusets texnologiya institutining noroziliklariga sabab bo‘ldi va ular qarorga qarshi sudga da'vo arizasi berdi.

Keyin esa AQShning 17 shtati va Kolumbiya poytaxt okrugi talabalar vizalari bo‘yicha cheklov choralarini bekor qilishni talab qilib prezident Donald Tramp ma'muriyatini sudga berdi.

Da'vo arizalarida Tramp ma'muriyatining qarori "o‘zboshimchalik" deb baholangan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top