22:17 / 16.07.2020
15629

Eron portida 7ta harbiy kema yonib ketdi. AQSh va Isroil sabotajda gumonlanmoqda

Eron janubidagi Busher portida 15 iyul kuni yuz bergan portlash va kelib chiqqan yong‘in oqibatida 7ta harbiy kema yonib ketdi.

Foto: Getty Images / AFP

Meduza nashrining Fox News’ga tayanib bergan xabariga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q, hodisaning sabablari aniq emas. Eslatib o‘tamiz, Busherda Erondagi yagona AES joylashgan.

So‘nggi bir necha hafta davomida Eronning yadro dasturi bilan bevosita va bilvosita bog‘liq bo‘lgan sanoat korxonalari va harbiy obektlarida bir qator hodisalar yuz berdi.

13 iyul kuni Xuroson tarixiy viloyatida joylashgan tabiiy gaz ishlab chiqarish bilan bog‘liq obektda portlash yuz bergan edi.

4 iyul kuni Eron g‘arbidagi elektrostansiyada portlash oqibatida yong‘in kelib chiqdi. 1 kun oldin esa Natanzdagi uranni boyitish korxonasida xuddi shunday voqea yuz berdi. Iyun oyi oxirida Parchindagi harbiy bazada gaz to‘ldirilgan idish portladi. Bu hodisalarning barchasida jabrlanganlar haqida ma'lumot berilmadi.

Ko‘plab tahlilchilar bu voqealarning bir-biri bilan bog‘liq ekanini va Isroil, AQSh yoki Eronning boshqa tashqi siyosiy dushmanlari tomonidan olib borilayotgan sabotaj kampaniyasining bir qismi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

The New York Times gazetasi esa razvedkadagi manbasiga tayanib, Natanzdagi voqea Isroil maxsus xizmatlari tomonidan tashkil qilingani haqida yozdi.

Donald Tramp hokimiyatga kelganidan so‘ng Eron va AQSh munosabatlari keskin yomonlashdi. U Barak Obama ma'muriyati tomonidan Eron bilan tuzilgan yadro bitimidan chiqdi. Tramp Eronni bitimni buzganlikda aybladi, ammo buning dalilini keltirmadi. 

2020 yil yanvar oyida AQSh maxsus xizmatlari Bag‘dodda Islom revolyutsiyasi korpusi qo‘riqchilari generali Qosim Sulaymoniyni yo‘q qilganidan so‘ng, mamlakatlar urush yoqasiga kelib qolishgan edi. Bunga javoban Eron AQShning Iroqdagi harbiy bazasiga zarba berdi, ammo hech kim halok bo‘lmadi.

The Washington Post nashrining yozishicha, so‘nggi paytlarda Eron va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashuvini anglatuvchi hech qanday ziddiyat yuz bermagandi.

Mavzuga oid
Top