16:25 / 16.07.2020
8052

InfinBank’ning to‘rt nafar xodimida koronavirus aniqlandi

InfinBank Qashqadaryo viloyat filialining to‘rt nafar xodimida koronavirus aniqlandi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat keskinlashgani sababli 10 iyuldan 1 avgustgacha karantin choralari kuchaytirilishi e'lon qilinganidan buyon InfinBank filiallari, xususan, Qashqadaryo viloyat filiali ham 9 iyuldan buyon masofadan turib va onlayn tarzda mijozlarga xizmat ko‘rsatish rejimiga o‘tkazilgan.

Profilaktika doirasida bank filiallarida barcha xodimlar koronavirusga testdan o‘tkazilmoqda. Xususan, Qashqadaryo viloyat filialining barcha xodimlari 13 iyul kuni testdan o‘tkazilgan bo‘lib, test natijalari 14 iyul kuni ma'lum bo‘lgan. Musbat natija 9 iyuldan buyon masofadan turib ishlashga o‘tkazilgan 4 nafar xodimda qayd etilgan va ular o‘sha kuniyoq uy sharoitida to‘liq izolyatsiyaga olingan.

Bu haqda amaldagi epidemiologik protokol talablaridan kelib chiqib SEOA muassasasi xabardor qilingan.

Qayd etilishicha, koronavirusga chalingan va uyda turib davolanayotgan to‘rt nafar xodimning ahvoli hozir yaxshi, ularning salomatligi tibbiyot xodimlari tomonidan monitoring va nazorat qilib turilibdi. Qashqadaryo viloyat filiali o‘rnatilgan tartibda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Shuningdek, bundan buyon ham bank jamoasi va mijozlari salomatligini ta'minlash maqsadida bank va uning filiallarida profilaktika tartibida xodimlarning (ular bank binolari yoki masofada turib ishlayotganidan qat'iy nazar) testdan o‘tkazish tadbirlari davom ettirilishi ta'kidlangan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top