17:40 / 16.07.2020
60171
«Na aytilgan pul, na sharoit va na xavfsizlik»: koronavirusga chalingan samarqandlik vrach-laborant nimalarni boshdan o‘tkazdi?

Kun.uz tahririyatiga murojaat yo‘llagan tibbiyot xodimi - Samarqand shahar sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazi shifokori Shoira Eshbekova koronavirusga qarshi kurash jarayoni va o‘zi shu kasallikka chalingach boshidan kechirganlarini so‘zlab berdi.

«Shu yil aprel oyida boshida mehnat ta'tiliga chiqqandim. 17 apreldan ish ko‘payib ketgani, juda ko‘plab kasallikka gumonlanuvchilardan tahlil olish kerakligini aytib ishga chaqirib olishdi. Shu tarzda 5 iyun kuniga qadar Samarqand shahri bo‘yicha kasallanish ehtimoli yuqori bo‘lgan birinchi o‘choqlardan 3500dan ortiq fuqarolardan test namunalari olishda va viloyat virusologiya tahlilxonasiga yetkazib berishda ishtirok etdim.

U vaqtda hali ko‘pchilik kasalliklanish oqibatlarini anglab yetmagani uchun ehtimoliy kasallanganlardan namuna olish har doim ham oson bo‘lmadi. Haqoratlab, kamsitib haydab yuborganlari qancha? Bir-ikki qattiq haqoratlaganlar bo‘yicha IIBga xabar berganmiz. Aniq manzil, ism-familiyalari bor. Ammo IIB xodimi «u odam ko‘p ichadi-da endi» deyishdan nari o‘tmagan holat ham bo‘ldi, hatto. Bizni aniq himoyalaydigan, qo‘llab-quvvatlaydigan tizimning o‘zi bo‘lmadi. Ammo bu hali hech narsa emas.

Koronavirusga qarshi kurashda bizga yuklatilgan vazifani bajarish jarayonida men va hamkasblarim ham virus bilan zararlandik. Menda 5 iyun kuni COVID-19 virusi borligi aniqlandi. Birgina Samarqand shahar SEO markazidan 8 kishi yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanib chiqdi. Jumladan o‘zim ham. Ishimiz shu koronavirusga chalingani ehtimoli bo‘lgan odamlar, kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lganlardan tahlil olish. Katta ehtimol bilan o‘zimizga ham yuqishini bilardik. Qolaversa, kasallikdan himoyalanish vositalari bilan ta'minlanish ham ko‘ngildagiday emasdi. Hatto dastlab korxonamizdagi dezinfeksiyalovchilarning kiyimlarini olib ishlatdik. Keyinchalik o‘zimizga berilgan himoya kiyimlari esa ba'zan mashinaga mingunimizga qadar yirtilib, yaroqsiz bo‘lib qolardi. Ba'zan oddiy niqoblar bilan ham muammoga duch keldik.

Ikkinchi tomondan kasallik oilamga yetib borishidan qo‘rqardim. Alam qiladigani, ayrim boshqa turdagi tibbiyot muassasalarida shifokorlar 14 kun davomida uyiga bormasdi. Buning uchun sharoit yaratilgan edi. Biz ham oila a'zolarimizni xavfga qo‘ymaslik uchun korxonamiz rahbariyatiga bir necha marta murojaat qildik, foydasi bo‘lmadi. Bunday vaziyatda o‘zimiz yo oilamizni o‘ylab ishni tashlab ketish esa oq xalatga, xalqqa nisbatan xiyonat bilan teng, ishni davom ettirish shart edi. Oxir-oqibat, qo‘rqqanim yuz berdi: o‘zimdan tashqari 7 yoshli o‘g‘lim, 5 yoshli qizim, onam va ukam ham kasallikka chalinib, yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanib chiqdi. Bunga kim aybdor?», deydi Shoira Eshbekova.

Samarqand shahar SEO markazining bakteriologiya bo‘limi boshlig‘i N.Qudratova ham kasallikdan himoya vositalari, tibbiyot niqobi, himoya kiyimi bilan bog‘liq muammolar bo‘lganini tasdiqladi. Markazning 8 nafar xodimi ish jarayonida kasallikka chalinib yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanib chiqqanini ma'lum qildi.

«Kerakli vositalarni bo‘limdagi xodimlarga yetarlicha olish uchun necha martalab janjal ko‘tarishimga to‘g‘ri kelgan. Kasallikka chalinganlar masalasida esa hammaning ham koronavirusga yo‘liqqani oshkor qilinavermaydi, shekilli. O‘zim misolimda aytadigan bo‘lsam, xuddi shu kasallik alomatlari bilan og‘ridim, shu kasallikka chalinganlar bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanib chiqdim. Ammo bosh vrach qog‘ozda «koronavirusga chalinmagan»imni aytdi. Ehtimol, tahlil rostdan shunday chiqqandir. Shaxsan o‘zim bu holatga shubha bilan qarayman. Yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanib chiqqach, mana, tezda yana ishni davom ettirishga kirishdik», – deydi N.Qudratova.

Markaz rahbari P.Mahmudov esa tibbiyot vositalarida hech qachon muammo bo‘lmagani, markazda faqat 4 kishi koronavirusga chalinganini ma'lum qildi. Xullas, har xil ma'lumot.

Eng asosiy muammo shuki, bo‘limning ish jarayonida koronavirus yuqtirib olgan xodimlariga bir martalik mablag‘ berilgan emas. Xususan, koronavirusga chalinib, davolanib chiqqan, oilasidagilar ham shu kasallikka giriftor bo‘lgan vrach-laborant Shoira Eshbekova bir martalik mablag‘ni olmagan.

Joriy yil 26 martda e'lon qilingan «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori ilovasida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasi yuqtirib olgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga — 100 million so‘m miqdorda bir martalik to‘lov to‘lanishi belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, prezident qarorida koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan obektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun 20 mln so‘m miqdorda (soliqlardan tashqari) maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi belgilangan.

Mazkur masalada Samarqand shahar SEO markazi rahbari haqiqatan ham muammo yuzaga kelgani, ammo bu bo‘yicha viloyat sanitariya-epidemiologik markaziga xat bilan chiqqanini ma'lum qildi.

Viloyat sanitariya-epidemilogik markazi vakillari bu holatga izoh berarkan, prezident farmoni asosida respublika maxsus komissiyasi tomonidan vaqtinchalik nizom tasdiqlangani, ana shu nizom asosida Sh.Eshbekovaga 25 mln so‘m miqdordagi bir martalik to‘lov berilmasligini ma'lum qilishdi.

Bu nizomga ko‘ra, Sh.Eshbekova va u kabi shifokorlarga faqatgina oylik lavozim maoshining 6 foizlik miqdorida qo‘shimcha to‘lov berilayotgan ekan.

Biroq, xuddi shu nizomning 4-bobida koronavirus infeksiyasini tarqalishiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasi yuqtirib olgan xodimlarga 100 million so‘m berilishi ko‘zda tutilgan.

Sh.Eshbekovaning aynan koronavirusga chalingan bemordan tahlil olgani oqibatida kasallikka chalingani tasdig‘ini topgani haqda tegishli hujjatlar mavjud. Uning minglab ehtimoliy bemorlardan tahlil olib ishlagani haqiqat. Ammo unga na 25 million so‘m, na prezident farmonida ko‘zda tutilgan bir martalik to‘lov ajratilmagan.

«Menga kasallikka chalinganim bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilgani va «ehtiyotsizlik oqibati»da koronavirus infeksiyasiga chalinganimni og‘zaki ravishda aytishdi. Tegishli tashkilotlar shu xulosaga kelgan ekan. Ammo to‘g‘ridan to‘g‘ri koronavirus o‘choqlarida ishlagan bo‘lsak, ehtimoliy bemorlardan tahlil olish vazifamiz bo‘lsa, qanday qilib «ehtiyotsizlik oqibatida» deb aytish mumkin? Agar gap ehtiyot bo‘lish haqda bo‘lsa, avvalo bizning xavfsizligimizni yetarli darajada ta'minlab qo‘yishlari kerak emasmidi?» – deydi Eshbekova.

Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazidan vrachning infeksiya yuqtirish holati qanday baholangani bo‘yicha hech qanday ma'lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Infeksiya o‘choqlarida ishlaydigan vrachlar virus yuqtirgan taqdirda ular kasallikni «ehtiyotsizlik oqibatida» yuqtirib olgan, deb baholanishi koronavirusga qarshi kurashda o‘zining va oilasining hayotini xavfga qo‘ygan shifokorlarni norozi qilmoqda. Bu kabi mavhumlikda yurgan soha xodimlari respublikada ko‘pchilikni tashkil etadi.

Yana bir masalaga qayta to‘xtalishimiz kerak: Yuqorida Sh.Eshbekova o‘ta yuqumli kasallikka qarshi qanday sharoitlarda ishlaganini aytdi. Siz suratda ko‘rib turgan narsa shifokor va laborantlarga beriladigan tibbiyot niqoblari ekan.

Bir martalik niqob sifatsiz bo‘lsa, ko‘p martalik niqob azbaroyi ishdan chiqqanidan ichiga doka tiqib ishlatishlarini ma'lum qilishdi.

Bundan ham yomoni, markaz laboratoriyasida eng muhim narsa bo‘lgan suvning o‘zi muammo ekan. «Issiq suv-ku umuman yo‘q, sovuq suvni ham «baklashka»larda to‘plab ishlatamiz», – deyishmoqda xodimlar.

Endi xolis o‘ylab ko‘ring, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazining laboratoriyasida shu ahvol bo‘lsa, boshqa joylarda sanitariya haqda so‘z ochish mumkinmi?

Umuman, minglab aholidan test olgan markaz xodimlarining ichidan ketma-ket kasalliklar chiqayotgani ham, aslida ularning himoyasiz qolayotganidan darak emasmi? Kasallikni yuqtirib olishda xodimning o‘zini aybdor qilish insofdanmi?

Kun.uz shu kabi muammolarni o‘rganishda davom etadi.

Anvar Mustafoqulov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top