11:53 / 16.07.2020
3945
«O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy» temir yo‘li qurilishi masalasi muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi, Qirg‘iziston transport va yo‘l vazirligi, shuningdek, Xitoyning islohotlar va rivojlanish bo‘yicha davlat qo‘mitasi chet el kapitali va xorijiy investitsiyalar departamenti o‘rtasida «O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy» temir yo‘li qurilishi masalasi muhokama qilindi.

Foto: Transport vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi xabariga ko‘ra, 15 iyul kuni videokonferensiya ko‘rinishida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston transport vaziri Elyor G‘aniyev, Qirg‘iziston transport va yo‘l vaziri Janat Beyshenov, Xitoy Xalq Respublikasining islohotlar va rivojlanish bo‘yicha davlat qo‘mitasining chet el kapitali va xorijiy investitsiyalar departamenti bosh direktori o‘rinbosari Chjen Chipin ishtirok etdi.

Muloqotda tomonlar «O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy» temir yo‘l qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelgusi amaliy choralarni, jumladan, ushbu loyiha yuzasidan tomonlar taqdim etilgan temir yo‘l qurilishi marshrutlarini va temir yo‘l kengligi masalalarini muhokama qilishdi.

Onlayn muloqotda Elyor G‘aniyev pandemiya sharoitida davlat chegaralari orqali temir yo‘l transportida yuklarni tashish dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganini yana bir bor ta'kidladi.

«Pandemiya sabab karantin choralarinnig kuchaytirilishi davlatlar iqtisodiyotiga, shu jumladan birinchi galda transport sohasiga jiddiy ta'sir etmoqda. Pandemiya tufayli dunyo davlatlarida yuzaga kelgan og‘ir vaziyatga qaramasdan bugungi kunda faqatgina temir yo‘l transporti deyarli hech qanday cheklovlarsiz faoliyat ko‘rsatmoqda. Aynan shu jihatning o‘ziyoq «O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy» temir yo‘li qurilishi loyihasini ro‘yobga chiqarish muhim ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatmoqda. Ushbu temir yo‘l «Bir makon, bir yo‘l» loyihasi doirasida eng muhim transport koridoriga aylanishi mumkin», dedi E.G‘aniyev.  

Qirg‘iziston transport va yo‘l vaziri Janat Beyshenov temir yo‘l qurilishi yuzasidan taqdim etilgan uchta marshrut bo‘yicha SWOT – tahlillari o‘tkazilganini ta'kidlab, yuk oqimini shakllantirish, tashuvlar samaradorligi hamda temir yo‘l liniyasi o‘tuvchi Qirg‘iziston mintaqalarining kelajakdagi rivojlanishi nuqtai nazaridan eng maqbul yo‘nalish «Torug‘art – Arpa – Qo‘sh-Dobo – Maqmal – Jalol-Obod» ekanligini aytib o‘tdi.

Xitoy Xalq Respublikasining islohotlar va rivojlanish bo‘yicha davlat qo‘mitasining chet el kapitali va xorijiy investitsiyalar departamenti bosh direktori o‘rinbosari Chjen Chipin moliyaviy nuqtai nazardan Qirg‘iziston tomoni taklif etayotgan yo‘nalish bo‘ylab qurilishning amalga oshirilishi yaxshi variant ekanligini, biroq temir yo‘l kengli va yo‘nalish marshruti bo‘yicha ekspertlar yagona to‘xtamga kelmagani bois boshqa takliflarni ham ko‘rib chiqish zarurligini ta'kidladi.   

Ushbu jihatlarni inobatga olgan holda tomonlar temir yo‘l qurilishi bo‘yicha eng maqbul yo‘nalish marshrutini tanlash, shu bilan birga moliyaviy-iqtisodiy masalalarni ko‘rib chiqish, kelajakda temir yo‘lni ekspluatatsiya qilish yuzasidan loyihaning investitsiya modelini va qurilishning texnik-iqtisodiy jihatlarini o‘rganish bo‘yicha muhokamalarni davom ettirishga kelishib olishdi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi xabarida.

Top