20:02 / 16.07.2020
3040
«O‘zbekiston sudlarida ayollarning kamligi stereotiplar mahsuli bo‘lishi mumkin» – BMT maxsus ma'ruzachisi

O‘zbekiston sud tizimida ayollarning roli yetarli darajada emas, bu jamiyatda ayollarning tutgan o‘rniga nisbatan stereotip qarashlar bilan bog‘liq, deyiladi BMT rasmiysining mamlakatdagi tashrifidan tayyorlagan hisobotida.

BMT Inson huquqlari kengashining sudlar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Diyego Garsiya-Sayanning O‘zbekiston sud tizimi haqidagi hisoboti e'lon qilindi.

Hisobot ma'ruzachining 2019 yil 19-25 sentabr kunlari hukumat taklifi bilan O‘zbekistonda bo‘lib, sud tizimi bo‘yicha o‘tkazgan kuzatuv xulosalariga asoslangan.

Hisobot bo‘limlaridan birida mamlakat sud korpusida ayollarning roli haqida so‘z yuritilgan.

«Maxsus ma'ruzachi mamlakatda ikki muhim hujjat – «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida» hamda «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunlarning qabul qilinishini ijobiy baholaydi.

Sud tizimi ayollarning adolatli suddan foydlanishdagi haq va imkoniyatlarini kengaytirish, ularning huquqlarini himoya qilish, gender kamsitish amaliyotini yo‘qotish, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining javobgarliksiz qolishi holatlariga chek qo‘yishda muhim rol o‘ynashi mumkin.

O‘zbekiston sud tizimida ayollar avvalgidek kamchilikni tashkil etganicha qolmoqda. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakatdagi 1038 nafar sudyaning 129 nafari (12,4 foizi) ayollardir. Sudyalar sonidagi gender nomutanosiblik ayniqsa jinoiy va ma'muriy sudlarda yaqqol seziladi, bunda ayollar jami sudyalar sonining 8 foizini tashkil qiladi. Yuqori mansabdagi ayol sudyalar haqida ma'lumotlar mavjud emas.

Davlat hokimiyati vakillarining fikricha, ayollarning sud tizimi, ayniqsa jinoiy va ma'muriy sudlarda kamligi ularning ta'lim va kasb yo‘nalishidagi tanlovi bilan izohlanadi. Ularning ta'kidlashicha, ayollar shaxsiy hayot va mehnat faoliyati o‘rtasida muvozanatni ushlash imkonini beradigan kasblar bilan shug‘ullanishni ma'qul ko‘rishadi. Sud tizimida esa nisbatan murakkab bo‘lgan, ko‘p vaqt talab etiladigan jinoiy va ma'muriy masalalardan ko‘ra, oila qonunchiligi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha shug‘ullanishni afzal bilishadi.

Ammo maxsus ma'ruzachi bu fikrga qo‘shilmaydi. Sud organlari tizimida ayollar sonining kamligi ayol hamda erkakning jamiyat va oiladagi majburiyatlari va roli xususidagi stereotiplar natijasi bo‘lishi mumkin. Bu stereotiplar ayollarning kamsitilishi, ularning oila va jamiyatda bo‘ysunuvchi holatda qolishiga sabab bo‘ladi.

Ayollarning sud korpusida kamligi va borlarining ham fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ekani mamlakat jamiyat patriarxal va an'anaviy strukturaga asoslanganini ko‘rsatadi», – deya bayon qilinadi hujjatda. 

Top