11:06 / 17.07.2020
13960
17 yashar qizimning jussasi 7 yashardek, uni murakkab operatsiyalar kutmoqda – Fazilatning onasi yordam so‘raydi

Inson chalinuvchi dardlar juda ko‘p. Ular orasida go‘daklik chog‘laridan yopishadigan, hatto tug‘ma bo‘lib, butun umr azob berib o‘tadiganlari ham bisyor. Bugungi qahramonimiz Fazilat Saminjonova ham murakkab taqdir egasi.

– Fazilat qizim 17 yoshni to‘ldirdi. Lekin uning jussasini ko‘rganlar 7 yoshli qiz ham deb o‘ylamaydi. Mayli, tengdoshlari singari durkun qaddu-qomat bolamga ham, bizga ham endi armon bo‘lib qolgandir. Lekin shugina joni og‘rimay tursa, kasallik kuchayib ketmasa, tanasiga azob bermasa qani edi?!..

Suyaklaridagi og‘riqlar kamlik qilganday ko‘rishi ham susayib boryapti, qulog‘i ham og‘irlashayapti, – yig‘laydi onasi, Quyi Chirchiq tumanidan kelgan Shahlo Esonboyeva.

Fazilatga shifokorlar “Xondrodisplaziya” tashxisini qo‘yishgan. Bu tug‘ma suyak kasalligi bo‘lib, juda kam uchraydi va og‘ir kechadi. O‘zbekistonda bu kasallikni davolash, hech bo‘lmasa ortga surish uchun imkoniyatlar juda kam. Hindistonning yirik klinikalaridan birida Fazilatga oid ma'lumotlar tekshiruvdan o‘tkazilgan. Murakkab operatsiya, davolanish, kasallik rivojlanishini to‘xtatish xarajatlari 20 ming AQSh dollari deb hisoblab chiqilgan.

– O‘zimiz ham qarab turganimiz yo‘q, shu paytga qadar 5 ming dollar to‘pladik. Ammo qolganiga hech imkoniyatimiz qolmadi. O‘zim ikkinchi guruh nogironiman, uyimiz ham yo‘q, ijara uylarda yashaymiz. O‘sha pul to‘plansa bir boshpana olishimiz ham mumkin edi, ammo ko‘zimga hozir uy ham ko‘rinmayapti. Qizim ham ikkinchi guruh nogironi, uni shu dardlardan forig‘ qila olsam bo‘lgani, – dedi biz bilan suhbatda ona.

Fazilat Saminjonovaga oid ma'lumotlar:

Plastik karta raqami:

8600 1404 9016 1099 (Ipak yo‘li banki, onasi Shahlo Esonboyeva nomida)

8600 0423 0909 3176 (Agrobank, onasi Shahlo Esonboyeva nomida)

Viza: 4023 0601 0938 1099

Sberbank: 5469 3800 1743 2856

Paynet: +99890 336 59 27

Telefon raqami: +99897 423 72 81

Aziz yurtdoshlar! Siz ko‘mak bermagan biror bemorimiz yo‘q, hech kimni noumid qilmagansiz. Bugun yana bir ojiza hammamizdan yordam kutayapti. Imkoni borlar ataganlari bilan, hozircha qo‘li qisqalik qilib turganlar duolarida Fazilatning darddan forig‘ bo‘lishlarini so‘rab qo‘yishlarini so‘rab qolamiz.

Abror Zohidov tayyorladi.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top